Sanepidqo‘mita fuqarolarni avtomobil yo‘llari yonidan tarvuz va qovun sotib olmaslikka chaqirdi

O‘zbekiston 17:57 / 17.07.2024 9530

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi qovun mahsuloti noto‘g‘ri iste’mol qilinsa, zarar yetkazishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Ma’lum qilinishicha, diyetologlar qovunni asosiy ovqatlar orasida, boshqa ovqatlar bilan aralashmasdan iste’mol qilishni maslahat beradi. Uni och qoringa, shuningdek kechqurun soat 17:00-19:00 dan keyin iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

“Uglevod mahsulotlarini kechqurun iste’mol qilish insulinning ko‘payishi va yog‘larning to‘planishiga olib keladi. Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud: oshqozon yarasi yoki gastritning kuchaygan davrida qovunni iste’mol qilmaslik kerak.

Qovun yuqori kaloriya emas – naviga qarab 100 g. uchun atigi 30-38 kkal. Kaloriya miqdori past bo‘lishiga qaramay, qovun yuqori glikemik indeksga ega va shakar miqdori ko‘paygan (banan kabi 60-65), shuning uchun u diabet va semizlikka moyillar uchun ma’qul mahsulot emas”, deyiladi qo‘mita xabarida.

Qayd etilishicha, qovun asab tizimiga foydali va kayfiyatni yaxshilaydi. Homilador ayollar uchun V9 vitamini yoki foliy kislotasi tufayli homilaning asab tizimi to‘g‘ri rivojlanishi uchun qovun iste’moli tavsiya etiladi. Qovun ich qotishi, ko‘rishni yaxshilash, yurak faoliyatini yaxshilash, osteoporoz, raxit yoki psoriaz, teri, soch va tirnoqlarning holatini yaxshilashga yordam beradi.

Qo‘mita fuqarolarni yo‘llar yonidagi chodirlardan tarvuz va qovun sotib olmaslikka chaqirdi. Qo‘mitaga ko‘ra, bunday poliz mahsulotlari va mevalar avtotransport vositalarining chiqindilaridan toksik moddalarni o‘ziga o‘zlashtiradi va sog‘liq uchun zararli hisoblanadi.

Ko‘proq yangiliklar: