Dunyoning qator mamlakatlarida metapnevmovirus infeksiyasi avj olayotgani, bu xastalikning COVID-19'dan ham xavfliroq ekani haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu xabarlar qanchalik asosli? Metapnevmovirus o‘z qanday infeksiya? Uning belgilari qanaqa? Kun.uz shu kabi savollar bilan Sanepidqo‘mita boshqarma boshlig‘i Rustamjon Ikromovga yuzlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy va Qozog‘istonda metapnevmovirus tarqalgani haqida xabarlar ko‘paymoqda. Sanepidqo‘mita boshqarma boshlig‘i Rustamjon Ikromov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ularda metapnevmovirus haqida bo‘rttirib, asossiz ma’lumot tarqatilayotgani va bu virus yangi emasligini aytdi.
Mutaxassisga ko‘ra, metapnevmovirus umuman yangi emas, u ilk marta 60-yillarda aniqlangan. “Kasallikning o‘sib borayotgani to‘g‘risida berilgan xabarlar har bir mamlakatning o‘zidagi laboratoriya nazorati tahlillariga ko‘ra e’lon qilib boriladi. Ya’ni ayni vaqtda Xitoy va Qozog‘istonda berilayotgan rasmiy xabarlarda bu kasallik yangi emasligi va aynan bugungi kundagi o‘tkir respirator infeksiyalarning o‘sish fonida metapnevmovirusning ko‘proq o‘sayotgani aytilyapti. Buni koronavirus infeksiyasidan og‘irroq deb baholash bo‘rttirishdan boshqa narsa emas. Vahimaga o‘rin yo‘q”, – dedi Ikromov.
Mutaxassis, shuningdek, virus boshqa o‘tkir respirator infeksiyalar singari isitma, yo‘tal, aksirish, bronxlarda yallig‘lanish bronxit yoki bronxolit hamda o‘pkadagi yallig‘lanish, zotiljamga sabab bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. Metapnevmovirus o‘tkir respirator infeksiya bo‘lgani uchun ham u havo tomchi va ifloslangan yuza orqali yuqadi.
“O‘zbekistonda esa O‘RVIning kirib kelishi, mavsum oldidan SSV va Sanepidqo‘m saytida ko‘rsatma xatlarida hududlarda qanday ishlar amalga oshirilishi, qanday profilaktik choralar ko‘rish kerakligi yuzasidan ko‘rsatma xatlar yuborilgan va ishlar o‘shanga mos tashkil etilgan. Davolash bo‘yicha O‘zbekistondagi har bir shifokorda malaka yetarli deb hisoblayman. Aynan O‘RVIning ortib borish davrida aniq bitta statsionarni shu kasalni davolashga qaratilgan holda moslashtirish tajribasi ham bizda yuqori. Ya’ni O‘RVI qaysi hududda ortib ketayotgan bo‘lsa, shu hududda ma’lum bir statsionar boshqa kasalni qabul qilmaydi, faqat O‘RVIni qabul qiladi”, – dedi u.
Ikromov ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ham metapnevmovirusga chalingan fuqarolar aniqlangan. Bu umumiy aniqlangan bemorlarning 2/10 foizini tashkil qiladi. Undan ko‘prog‘ini esa renovirus kabi infeksiyalar egallagan.
“Boshqa O‘RVIda 6-7 kunda davolash samaralari bilinsa, bunda 10-12 kungacha borishi mumkin. Davolashga keladigan bo‘lsak, aynan metapnevmovirusning o‘ziga ta’sir qiluvchi preparat dunyo bo‘yicha ham yo‘q. Lekin u keltirib chiqaradigan kasallik belgilariga qarab davolash usullari samarali ishlab turibdi. Ya’ni yo‘tal, isitma va yallig‘lanishga qarshi ko‘riladigan davo choralari samarali va O‘zbekistonda ham bu usuldan foydalangan holda davolash samarali amalga oshirib kelinmoqda”, – dedi Sanepidqo‘mita mutaxassisi.
Ta’kidlanishicha, virus 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar, immunitet tizimi zaif va yondosh kasalliklari bo‘lgan fuqarolar va yoshi kattalarda asoratli o‘tishi kuzatiladi.
Ikromov metapnevmovirusga qarshi vaksina yo‘qligi va bu virus pandemiya keltirib chiqarmasligini qo‘shimcha qildi.
“Pandemiya keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan infeksiyalar nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, butun dunyoda respirator infeksiyalar potensial pandemiya keltirib chiqaruvchisi sifatida qaraladi. Muloqot orqali yuqadigan kasallik tez va keng tarqalish xususiyatiga ega. Lekin metapnevmovirus pandemiya keltirib chiqaruvchi sifatida qaralmaydi”, – dedi u.
Profilaktika choralari sifatida quyidagilar ta’kidlandi:
– shaxsiy gigiyenaga rioya qilish;
– antiseptiklardan to‘g‘ri foydalangan holda yuza qism va qo‘llarni doimiy toza saqlash;
– tibbiy niqobdan foydalanish;
– kasallangan fuqaro o‘z-o‘zini alohidalashi, aholi gavjum joylarga tashrif buyurmasligi kerak.
Zuhra Abduhalimova, Kun.uz