Qozog‘iston O‘zbekiston bilan o‘zaro hisob-kitoblarni tashkil etish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuvni bekor qiladi, bu haqda Tengrinews xabar berdi.
Qonunlar loyihasi muhokamasi portalida e’lon qilingan Qozog‘iston hukumati qarori loyihasida kelishuvning bekor qilinishiga O‘zbekistonda so‘m valutasining muomalaga kiritilishi sabab bo‘lgani aytilgan.
Qayd qilinishicha, kelishuv 1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan milliy valuta – so‘m muomalaga kiritilishidan oldin tuzilgan va endi o‘z ahamiyatini yo‘qotgan.
«Ahamiyati yo‘qolgani tufayli kelishuvning amal qilishi to‘xtatiladi. Xalqaro shartnomaning amal qilish doirasi hozir Qozog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi», deyiladi loyihaning tushuntirish xatida.
Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston hukumatiga kelishuvni denonsatsiya qilish to‘g‘risida bildirishnoma yuborish topshirilgan.
Denonsatsiya — bu davlatning o‘zi tuzgan shartnomadan rasman voz kechishi. Bu shartnoma majburiyatlarini bekor qilishning qonuniy yo‘lidir. Denonsatsiya qilish qoidalari va tartibi shartnomaning o‘zida ko‘zda tutilgan.