15 iyul kuni «Ural Airlines» aviakompaniyasining Moskva-Samarqand yo‘nalishida parvoz qilgan Airbus A320 samolyotida favqulodda hodisa yuz berdi.
«Aviatorshchina» telegram-kanali xabariga ko‘ra, 46 yoshli rossiyalik yo‘lovchi Aleksandr M. samolyot Samarqandga qo‘nganidan keyin, uning bortida bomba borligi haqida ekipajni ishontirishga uringan. Manbaning yozishicha, rossiyalik «o‘zini boshqara olmaydigan holatda bo‘lgan».
Erkak aviakompaniya xodimidan samolyot g‘ildiragini tekshirib ko‘rishni so‘ragan. Ammo keyinchalik undan g‘ildirakka zinhor yaqinlashmaslikni so‘ragan. Aks holda «bolalari uning jasadi bo‘laklarini terib olishiga to‘g‘ri kelishidan» ogohlantirgan.
Shu bilan birga, Aleksandr o‘zbek askarlari o‘zining telefonini xufiyona eshitayotganini va samolyotga bomba qo‘yganini ta’kidlay boshlagan. Yo‘lovchini tinchlantirishga urinishlar muvaffaqiyatsiz tugagach, ichki ishlar organlari xodimlari chaqirilgan. Rossiyalik yo‘lovchi ichki ishlar idorasiga olib ketilgan, uning keyingi taqdiri ma’lum emas.
Samolyot qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilgan, biroq portlovchi moddalar topilmagan. Shundan so‘ng, samolyot uch soatlik kechikish bilan Moskvaga qaytish reysini amalga oshirgan.