Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “qadriyatim.uz” portali va interaktiv mobil ilovasi hamda “tanlov.manaviyat.uz” sayti va mobil ilovasini yaratish uchun umumiy hisobda 1 mlrd 204 mln 400 ming so‘m sarflaydi. Bu haqda Tovar-xomashyo birjasiga joylashtirilgan ma’lumotlarda keltirib o‘tilgan.
Qayd etilishicha, “qadriyatim.uz” sayti va mobil ilovasida O‘zbekistonning milliy urf-odatlari, marosimlari, bayramlari, turli xil qadriyatlari haqidagi ma’lumotlar bo‘ladi. Bu platformani yaratish uchun 875 mln 210 ming so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.
Yutuqli o‘yin va viktorinalar o‘tkazishga mo‘ljallangan “tanlov.manaviyat.uz” sayti va mobil ilovasini yaratishga 329 mln 190 ming so‘m yo‘naltiriladi.
O‘tkazilgan tenderda 3 ta kompaniya ishtirok etgan va yakunda “United IT Company” MChJ g‘olib bo‘lgan. Bu kompaniya 2020 yilning 8 oktyabr kuni ro‘yxatdan o‘tgan va kompyuter dasturlashtirish sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanadi. Bundan oldin ham davlat tashkilotlari tomonidan o‘tkazilgan qator katta tenderlarda g‘olib bo‘lgan:
- Adliya vazirligiga tegishli hudud24.uz axborot tahliliy sayti va uning mobil ilovasini ishlab chiqish (tenderning boshlang‘ich summasi - 250 mln so‘m);
- Ijtimoiy-huquqiy media markazining rasmiy veb saytini yaratish (tenderning boshlang‘ich summasi 200 mln so‘m);
- “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi tashkilotlar uchun mavjud veb-saytlarni, shuningdek jamiyat axborot tizimlarini texnik qo‘llab-quvvatlashi (tenderning boshlang‘ich summasi – 357 mln so‘m);
- Mahalladagi yoshlar yetakchilari ish faoliyatini baholash elektron reyting tizimini yaratish va bir yillik texnik qo‘llab-quvvatlash xizmati (tenderning boshlang‘ich summasi – 770 mln so‘m);
- Yoshlar ishlari agentligining rasmiy veb saytining yangi versiyasini ishlab chiqish xizmatini ko‘rsatish (tenderning boshlang‘ich summasi – 34 mln so‘m);
- Biomahsulotlar yetkazib berilishi bo‘yicha hududlar monitoringini yuritish uchun biolaboratoriyalararo yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rnatish xizmatlari (tenderning boshlang‘ich summasi – 440 mln so‘m);
Ma’naviyat va ma’rifat markazi o‘tgan yilning oktyabr oyida ham o‘zining rasmiy veb-portalini yaratish bo‘yicha 127 mln so‘mlik tender o‘tkazgandi. Mazkur tenderda "Fond away" MChJ g‘olib deb topilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning noyabr oyida ayni paytda mavjud bo‘lmagan Kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash agentligi “Onlayn mahalla” axborot tizimini yaratish uchun 8,4 mlrd so‘m (o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 755 ming dollar) sarflayotgani va istisno tariqasida tender o‘tkazmasdan shartnoma tuzgani jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgandi. 2023 yilning sentabr oyida esa madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov davlat mukofotlarini olgan san’atkorlar haqidagi portalni yaratish uchun budjetdan salkam 500 mln so‘m mablag‘ ajratish haqida buyruq chiqargandi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning birinchi yarmida davlat budjeti defitsiti 34 trln so‘mdan oshdi. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan qariyb 27 foizga ko‘p.