«Kasperskiy laboratoriyasi» AQSh bozorini tark etadi

Jahon 12:21 / 17.07.2024 2809

Rossiyaning kibertahdidlardan himoya qilish tizimlarini ishlab chiqishga ixtisoslashgan «Kasperskiy laboratoriyasi» 20 iyuldan boshlab unga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar tufayli AQShdagi faoliyatini bosqichma-bosqich to‘xtata boshlashini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda rus OAV kompaniya bayonotiga tayanib

«Kompaniya AQSh me’yoriy talablarining oqibatlarini sinchiklab ko‘rib chiqdi va baholadi hamda Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida qayg‘uli va qiyin qaror qabul qildi, chunki u hozirda bu mamlakatda biznes yuritish uchun hech qanday istiqbol ko‘rmayapti», — deyiladi hujjatda.

Bayonotda aytilishicha, Amerika bozorini tark etish qarori «AQSh Savdo vazirligining «Kasperskiy laboratoriyasi» mahsulotlarini ushbu bozorda sotish va tarqatishni taqiqlovchi rezolyutsiyasi natijasida» qabul qilingan. Kompaniya Amerika Qo‘shma Shtatlarida deyarli 20 yil davomida «tashkilotlar va foydalanuvchilarni kibertahdidlardan himoya qilib» ishlayotganini eslatdi.

AQShning «Kasperskiy laboratoriyasi»ga qarshi sanksiyalari

Iyun oyida Oq uy tomonidan kiritilgan sanksiyalar «Kasperskiy laboratoriyasi» dasturiy ta’minotini Qo‘shma Shtatlarda qo‘llashni taqiqladi. 20 iyuldan boshlab «Kasperskiy laboratoriyasi»ga ushbu mamlakatda yangi shartnomalar tuzish, 29 sentabrdan esa mavjud mijozlarga o‘z dasturlariga yangilanishlar taqdim etish taqiqlanadi.

AQSh hukumati bir necha bor «Kasperskiy laboratoriyasi»ni Rossiya razvedka xizmatlari bilan aloqada bo‘lganlikda ayblagan. Britaniyada «Kasperskiy laboratoriyasi» antivirusi Rossiya davlati manfaatlari yo‘lida foydalanuvchi ma’lumotlarini to‘plashi mumkinligi gumon qilingan edi. «Kasperskiy laboratoriyasi» Rossiya razvedka xizmatlari bilan aloqalarini rad etdi.

Rossiya kompaniyasiga nisbatan cheklovlar

Qo‘shma Shtatlar «Kasperskiy laboratoriyasi» ishini 2017 yilda, Amerika davlat idoralariga kompaniya antivirusidan foydalanish taqiqlangan paytda cheklay boshlagan. 2022 yilda AQSh Federal aloqa komissiyasi «Kasperskiy laboratoriyasi» mahsulotlarini uskunalari mamlakat milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi kompaniyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Iyun oyida Oq uy Qo‘shma Shtatlarda «Kasperskiy laboratoriyasi» dasturiy ta’minotini sotishni taqiqladi, AQSh moliya vazirligi esa kompaniya rahbarlariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Shu bilan birga, «Kasperskiy laboratoriyasi»ning o‘zi va uning asoschisi Yevgeniy Kasperskiy sanksiyalarga duchor bo‘lmadi.

Ko‘proq yangiliklar: