Germaniyaga aloqador kompaniya Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beryapti

Jahon 08:26 / 17.07.2024 3014

Germaniyaga aloqador Heinrich Tapp Rus (HT Rus) logistika firmasi Rossiya harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlagani uchun xalqaro sanksiyalarga duchor bo‘lgan rus kompaniyalariga cheklovlarni chetlab o‘tishda yordam beradi. Bu haqda 16 iyul, seshanba kuni 2023 va 2024 yillarga mo‘ljallangan soliq hujjatlarini, shuningdek, Rossiya va Germaniyadagi korporativ reyestrlarni o‘rgangan Reuters jurnalistlari o‘tkazgan surishtiruvda ma’lum qilindi.

«Yangi reallik - yangi imkoniyatlar» 

HT RUS kompaniyasiga Germaniyaning Hellmann Worldwide Logistics kompaniyasining Moskvadagi vakolatxonasi kamida ikkita sobiq xodimi asos solgan bo‘lib, ular Rossiyaning Ukrainaga to‘liq miqyosli hujumidan oldin Rossiya Federatsiyasiga G‘arb uskunalarini yetkazib bergan va urush boshlanganidan keyin Rossiyani tark etgan.

HT Rus veb-saytida, jurnalistlarning ta’kidlashicha, kompaniya Rossiya korxonalariga «parallel import» xizmatlarini taklif qilmoqda - sanksiyalangan tovarlarni uchinchi davlatlar orqali yetkazib berish. HT Rus o‘zining marketing materiallarida «Yangi reallik - yangi imkoniyatlar» shiorini ishlatgan. 

Mijozlar orasida Aurus, KamAZ va Tyumen akkumulyator zavodi bor 

2023 yil uchun HT Rus daromadi taxminan 17,5 million dollarni tashkil qildi, deya xabar beradi nashr. Kompaniya mijozlari orasida limuzinlaridan Vladimir Putin foydalanadigan Aurus avtomobil brendi, Rossiya harbiy yuk mashinalarini ishlab chiqaruvchi «KamAZ» shu’ba korxonalari, shuningdek, qurol ishlab chiqaruvchilar uchun akkumulyatorlar yetkazib beruvchi Tyumen akkumulyator zavodi bor. Uch kompaniya ham AQSh yoki Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida. 

Shu bilan birga, jurnalistlar HT Rus ushbu kompaniyalarga parallel import bilan bog‘liq xizmatlar ko‘rsatganmi yoki yo‘qligini aniqlay olishmadi, chunki bu kompaniyalarning soliq hujjatlari HT Rus bilan hamkorlikning mohiyatini oshkor etmaydi. 

HT Rus yana bir mijozi optoelektronik uskunalarini ishlab chiqaruvchi «Proton» AJ hisoblanadi. May oyida ushbu kompaniyaning bosh direktori Vyacheslav Menshov Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushidagi «yordami» uchun medal bilan taqdirlandi. 

HT Rus nemis kompaniyasiga tegishli 

Korporativ ma’lumotlarga ko‘ra, HT Rus to‘liq Germaniyaning Dyusseldorf shahrida ro‘yxatdan o‘tgan HT East Management kompaniyasiga tegishli. Kompaniyaning eng yirik aksiyadori nemis tadbirkori Aleksandr Redeler hisoblanadi. U jurnalistlarga HT Rus faoliyatining tafsilotlarini bilmasligini va unga «hech qanday ta’siri» yo‘qligini aytdi. 

O‘z navbatida, HT Rus boshqaruvchi direktori Ruslan Shakirov Redeler bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqada ekanligini va bosh kompaniya «o‘z shu’ba korxonasi faoliyati to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega ekanligini, unda ishtirok etishini va tegishli ko‘rsatmalar berishini» bildirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: