O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil tomonidan qamal qilingan G‘azoda tinch aholi ocharchilik balosiga duchor bo‘layotgani haqida ko‘proq xabarlar tarqala boshladi. Dunyo hamjamiyatining G‘azo uchun mo‘ljallangan insonparvarlik yuklarini Isroil armiyasi HAMASga qurol-yarog‘ jo‘natilyapti degan vaj bilan Falastin eksklaviga kiritmasdan kelmoqda. Shu kungacha G‘azoda ochlikdan sillasi qurib o‘lganlar soni 45 kishiga yetdi.
BMTning falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi yuz minglab odamlar G‘azoda hayotiy zarur narsalar — adekvat turar joy, oziq-ovqat, dori-darmon va toza ichimlik suvdan mahrum ekanini xabar qilmoqda.
50 mingdan ortiq voyaga yetmagan bolalar shu kunlarda o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan davolanishga muhtoj. Vaziyat shunchalikka borib yetganki, G‘azodagi bolalar qorin to‘yg‘izish uchun chiqindixonalarni titib yemak axtarishga ham majbur bo‘lishmoqda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil hujumlari tufayli G‘azoda 38 ming 700 falastinlik qurbon bo‘lgan. Ularning aksar qismini yosh bolalar va ayollar tashkil etadi. 89 mingdan ortiq insonlar yaralangan.
Isroildagi vaziyat
Isroil armiyasi tanklar va o‘q-dorilar yetishmovchiligiga duchor bo‘lgani aytilmoqda. Isroil urushga hattoki ayol askarlarni ham tashlashga tayyor.
G‘azoga o‘limvor hujum chog‘ida Isroil armiyasi zaxirasidagi o‘q dorilar va harbiy texnikalarning katta qismini safarbar qilib, texnikalaridan ayrilgan.
Bu haqda Isroil armiyasining Oliy sudga jo‘natgan xatiga asoslanib, Yedioth Ahronoth nashri xabar qilmoqda. Bu iqrorlik ayol jangchilarni armiyaning zirhli tank korpusiga qo‘shish to‘g‘risidagi petitsiyaga javoban e’lon qilingan.
“Armiya korpusidagi soz holatdagi tanklar soni urush ehtiyojlari va ayollarni xizmatga jalb qilib, tajriba o‘tkazish uchun yetarli emas”, — deyiladi gazetaning sudga kiritilgan da’vo arizasiga asoslanib tarqatilgan xabarida.
Isroil tomonining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha G‘azoda olib borilayotgan adolatsiz urushda 682 nafar isroillik askarlar o‘ldirilgan, 4100 nafari yaralangan. HAMAS tomonining raqamlari bundan bir necha barobar kattaroq.
Qizil dengizdagi vaziyat
Husiychilar ekipajsiz boshqariladigan kater vositasida Qizil dengizda neft tankeriga hujum uyushtirishdi. OAV tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, CHIOS Lion tankeri Gretsiyaga tegishli va Qizil dengizda Liberiya bayrog‘i ostida harakat qilgan.
AQSh ham Qizil dengizda savdo kemalariga husiychilar tomonidan hujum uyushtirilganini tasdiqladi. Bir kema shikastlangan, ammo safarini davom ettirishga muvaffaq bo‘lgan.
CHIOS Lionʼdan tashqari Rossiyadan Xitoyga o‘simlik moyini olib ketayotgan Bentley I tankeriga ham hujum uyushtirilgan. AQSh harbiylariga ko‘ra, Bentley I shikastlanmagan, qurbonlar bo‘lmagan va reysni davom ettirishga muvaffaq bo‘lgan. Gretsiya tankeri CHIOS Lion’ga zarar yetgan, biroq odamlar jabrlanmagan.
Har ikki hujum uchun javobgarlikni Yaman husiychilari o‘z zimmasiga oldi. Guruhning harbiy qanoti vakili Yahyo Sariyaning aytishicha, hujumlar Isroilning G‘azo sektoriga bergan zarbalariga javoban amalga oshirilgan.
Ukrainadagi vaziyat
Chexiya Ukrainada patronlar va shturm vintovkalari ishlab chiqaradi. Bu borada kelishuv imzolangani haqida Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal o‘zining chexiyalik hamkasbi Petr Fiala bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida e’lon qilgan.
Shmigalning aniqlik kiritishicha, Ukrainadagi patron zavodini Chexiyaning Sellier&Bellot kompaniyasi quradi. Colt shturm vintovkalarini ishlab chiqarish esa Ceska Zbrojovka kompaniyasi bilan hamkorlikda ishga tushiriladi. Zavodlar Ukrainaning qay hududida ochilishi xavfsizlik nuqtayi nazaridan oshkor etilmayapti.
Yil boshida Chexiya Ukraina uchun million dona 155 mmli artilleriya snaryadlari xarid qilish bo‘yicha tashabbusga boshchilik qilgan edi. Bu dastur bo‘yicha o‘q-dorilarning dastlabki partiyasi Ukrainaga iyun oyining oxirlarida yetkazilgan.
Ukrainaning ZN.UA nashri talabiga binoan o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, hozirgi kunda ukrainaliklarning 44 foizi tinchlik muzokaralarini boshlash tarafdori, 35 foizi esa qarshi. Shu bilan birga, mutlaq ko‘pchilik Putin taklif qilgan «tinchlik» shartlariga rozi emas.
Unga ko‘ra, mamlakat markazi aholisining 49 foizi Rossiya Federatsiyasi bilan rasmiy tinchlik muzokaralari boshlanishi haqidagi ma’lumotni xotirjam qabul qiladi. Ukraina g‘arbiy qismida bu ko‘rsatkich sezilarli darajada past — atigi 35 foiz. Mamlakat sharqida, o‘z navbatida, respondentlarning atigi 33 foizi muzokaralar o‘tkazilishini istasa, 34 foizi bunga qarshi. Respondentlar deyarli uchdan bir qismi yakuniy to‘xtamga kela olmagan.
Shu bilan birga, ukrainaliklarning mutlaq ko‘pchiligi Vladimir Putin taklif qilgan «tinchlik» shartlariga rozi bo‘lmaslik kerak, deb hisoblaydi. Shu tariqa, respondentlarning 83 foizi Ukraina qo‘shinlarining Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya viloyatlari hududidan olib chiqilishiga rozi bo‘lmasligini bildirgan. Respondentlarning 77 foizi Rossiya boshlagan urush uchun kiritilgan barcha xalqaro sanksiyalar bekor qilinishiga qarshi chiqdi. Respondentlar 58,5 foizi Ukraina Konstitutsiyasiga neytral va yadrosiz maqom qo‘shilishiga rozi emas. 22 foizi bunday qadam tashlashga tayyor.
Rossiyada migrantlarga yangi talab
Rossiyada migrantlarga chiroyli ayolni ko‘rganda hushtak chalmaslik, notanish kishiga “brat” deya murojaat qilmaslik va ko‘chada qo‘y so‘ymaslik tavsiya qilinmoqda.
Rossiya millatlar ishi bo‘yicha federal agentlik markaziy osiyolik mehnat migrantlarining ijtimoiy-madaniy moslashuvi bo‘yicha kurs ishlab chiqdi.
“Kommersant” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, tayyorlangan kurs to‘rt qismdan iborat 70 daqiqalik ma’ruzadan iborat. Birinchi qismda Rossiyaning migratsiya va mehnat qonunchiligi to‘g‘risida gap boradi. Xususan, migrantlarga Rossiya xorijliklarning kirishi va bo‘lib turishi, patent rasmiylashtirish va mehnat shartnomasi tuzish haqida hikoya qilinadi. Shuningdek, migrantlarga “qurolli kuchlarda kontrakt asosida xizmat qilib, Rossiya fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda qo‘lga kiritish” imkoniyati haqida ham tushuncha beriladi.
“Rossiyada noformal xulq-atvor” deb ataluvchi ikkinchi qismda migrantlarga o‘zini “Rossiyada qabul qilingan tarzda” tutish uqtiriladi. «Kommersant» bu bo‘limdan bir necha iqtibos keltirgan. Masalan:
«Rossiyaliklar — ko‘p millatli xalq, lekin hamma rus tilida gapirishi shart».
«Sizga qarindosh yoki tanish bo‘lmagan kishilarga “brat” yoki “sestra” deb murojaat qilish yaramaydi”.
«Atrofingizdagi kishilarni o‘z ona tilingizda muhokama qilish, boshqa insonlar bor joyda o‘z ona tilingizda pichirlashish yaramaydi”.
«Rossiyada diniy marosimlarni ko‘chada o‘tkazish yot narsa. Shuningdek, ko‘chada hayvonlarni qurbonlikka so‘yish yaramaydi».
Kurs materiallarida qayd etilishicha, “Rossiyada ayollar an’anaviy tarzda ochiq va yorqin liboslar kiyishadi” va bu hol aslo “ularning tanishishga tayyor ekanini” bildirmaydi. Migrantlar notanish erkaklar va ayollarga “teginishi, paypaslab ko‘rishi, quchoqlashi, qo‘lidan yoki kiyimidan ushlashi” mumkin emasligidan ogohlantirilgan, chunki bunday xatti-harakatlar “shilqimlik” deb baholanishi mumkin.
Yoqtirib qolgan ayollarning diqqatini jalb qilish uchun ovoz chiqarish, hushtak chalish va tilni tanglayga urish mumkin emasligi tushuntirilgan.
Kursning uchinchi bo‘limida RF qonunchiligiga rioya qilmaslik, jumladan, miting va namoyishlarda qatnashish qanday oqibatlarga olib kelishi tushuntirilgan. Ruxsat etilmagan aksiyalarda qatnashish uchun hibsga olinib, jarimaga tortilish, xorijiy davlat fuqarolari esa mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkinligi aytilgan. Yakuniy blokda Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlarining aloqalari tarixidan hikoya qilingan.
Itlarga qarshi kurashayotgan Turkiya
Turkiyada millionlab uysiz itlardan qutulishni istashmoqda. Bu tashabbusni mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham qo‘llamoqda. U may oyida “sanoati rivojlangan birorta davlatda ko‘chadagi itlar bilan bunday muammolar yo‘qligi”ni aytgan.
Mamlakat hukumatini ayniqsa quturish kasalligi tarqalishi xavfi ko‘proq tashvishga solmoqda, deb yozadi Der Spiegel nashri. Ayni kunlarda birgina Istanbul shahrining o‘zida 300 mingga yaqin uysiz it ko‘chalarda yuribdi.
Turkiyaning hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi tomonidan taklif etilgan qonun loyihasiga ko‘ra, uysiz itlar ko‘chalarda tutiladi va maxsus boqish joylariga joylashtiriladi. U yerda itlar 30 kun mobaynida ushlab turiladi. Agar shu vaqt ichida biror kishi ularni boqib olishni istamasa, itlar uxlatish yo‘li bilan yo‘qotiladi.
Hayvon himoyachilari bu g‘oyaga qarshi chiqmoqda va muqobil variantni taklif qilmoqda — ko‘chadagi itlarni ko‘paymasligi uchun bepusht qilish.