AQSh sudi senator Menendesni korrupsiyada aybdor deb topdi

Jahon 13:32 / 17.07.2024 2624

16 iyul, seshanba kuni Manxetten federal sudi hakamlar hay’ati demokrat senator Bob Menendesni poraxo‘rlik, tovlamachilik va chet el agenti sifatida faoliyat yuritish kabi barcha 16 ayblov bandi bo‘yicha aybdor deb topdi. Demokrat senatorlar va Nyu-Jyersi gubernatori Fil Merfi Menendesni yana bir bor iste’foga chiqishga chaqirdi.

Hukm e’lon qilingandan so‘ng, Menendes hakamlar hay’ati qaroridan hafsalasi pir bo‘lganini aytdi. «Apellyatsiyada muvaffaqiyat qozonishimizga ishonchim komil. Men hech qachon chet el agenti bo‘lmaganman. Hakamlar hay’ati qarori AQSh Senatining har bir a’zosini chet el agenti deb hisoblash mumkinligi masalasida xavf ostida qoldiradi», - dedi 2023 yil sentabrida Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi lavozimidan iste’foga chiqqan siyosatchi.

Prokuror: Menendes «o‘z ofisini eng yuqori narx taklif qilganga sotgan» 

Prokurorlarning aytishicha, 70 yoshli senator va uning rafiqasi Nadin Menendes uch tadbirkordan yuz minglab dollar naqd pul, oltin quymalari, avtomobil va ipoteka to‘lovlarini pora sifatida olgan. Buning evaziga Menendes milliardlab dollar Amerika yordamini Misrga yo‘naltirishga yordam bergan, u yerda tadbirkorlardan biri hukumat bilan aloqada bo‘lgan. Prokurorlar, shuningdek, Menendesni yana ikki tadbirkorga nisbatan jinoiy tergov jarayoniga ta’sir o‘tkazishga intilishda aybladi. 

Nyu-York janubiy okrugi federal prokurori Damian Uilyams jurnalistlarga shunday dedi: «Bu foyda uchun siyosat edi. U o‘z ofisini eng yuqori baho beruvchiga sotgan yillar yakuniga yetdi».

Menendesga qarshi jinoiy ish

Senatorga nisbatan jinoiy ish 2022 yil oktyabr oyida ochilgan edi. Manxetten okrugi prokuraturasi uni tergov qildi. 2022 yilda senatorning Nyu-Jyersidagi uyini tintuv qilish chog‘ida tergovchilar 480 ming dollar naqd pul, shuningdek, qiymati 100 ming dollardan ortiq oltin quymalarni topdilar. 

Bu Menendesga qarshi ochilgan ikkinchi korrupsiya ishi. 2015 yilda u hashamatli ta’tillar, aviachiptalar va saylov kampaniyasi uchun xayr-ehsonlar evaziga lobbichilik xizmatlarini ko‘rsatishda ayblangan. 2017 yilda sud ayblovlarni olib tashladi. 

Senator hozirgi ayblovlarni rad etib, «sahna ortidagi kuchlar» uni «jimjit qilishga va siyosiy qabrini qazishga» urinayotganini aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: