Rossiya IIV oliy o‘quv yurtlarida Tojikiston fuqarolarini o‘qitish boshlanadi

Jahon 10:45 / 16.07.2024 2579

Tojikiston fuqarolari Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining yuridik universitetlari va institutlariga o‘qishga kira olishadi. 2024-2025 o‘quv yili uchun abituriyentlar qabuli ochiq, deb xabar bermoqda Tojikiston IIV.

Rossiya vazirligi oliygohlariga faqat umumta’lim muassasalarini tugatgan tojikistonliklar qabul qilinadi. Ta’lim shakli kunduzgi bo‘ladi va 5 yil vaqtni oladi. Bitiruvchi bakalavr darajasini oladi. Ta’lim faqat rus tilida olib boriladi.

«Nomzodlarni saralab olishda ularning bilimi, madaniyati, ma’naviy yetukligi, ishbilarmonlik qobiliyati, kasbiy yaroqliligi, salomatligi holati va jismoniy tayyorgarligiga alohida e’tibor beriladi», — deyiladi Tojikiston IIV xabarida. O‘qishga qabul vazirliklarning hamkorligi doirasida amalga oshirilmoqda. Hujjatni 22 iyulgacha topshirish mumkin.

May oyida RF IIV rahbari Vladimir Kolokolsev shaxsiy tarkib yetishmovchiligidan shikoyat qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, politsiya shtatini to‘liq komplektlash uchun 152 ming kishi kerak bo‘ladi. Kolokolsev uchastka inspektorlari yetishmovchiligiga alohida urg‘u berib, birgina Moskva shahrining o‘zida bu ko‘rsatkich 75 foizga yetganini aytgan edi. «Bu raqamlar bir nafar ichki ishlar xodimi to‘rt kishining ishini bajarayotganidan dalolat beradi», - degan edi u.

Paydo bo‘lgan vaziyatning bosh sababi sifatida vazir past oyliklarni keltirgan edi. «Biz pul chop etib, oyliklarni ko‘tarib, buni ichki ishlar organlariga odamlarni jalb qilish uchun asosiy rag‘bat sifatida ishlata olmaymiz. Bizda vaziyat o‘zgardi deb bo‘lmaydi, u yanada chuqurlashdi», — degan Kolokolsev. 2024 yilning iyun oyiga kelib Rossiya politsiyachi xodimining o‘rtacha maoshi 49 ming rublni tashkil etgan.

Kolokolsev o‘tgan yilning avgustida ham politsiya xodimlari yetishmayotganidan so‘z ochgan edi. Shundan so‘ng vazirlik xizmatga kirishish uchun yosh cheklovlarini yumshatdi. Hozir yuqori chegara avvalgi 35-40 yosh o‘rniga 50-55 yosh qilib belgilangan.

RF prezidenti Vladimir Putinning farmoniga ko‘ra, 2024 yilda Rossiya IIVning cheklangan shtat soni 922 mingdan 934 mingga oshirilgan edi. 2025 yilda u 938 minggacha oshishi kerak.

Rossiyada politsiya shaxsiy tarkibining yetishmovchiligi fonida sodir etilayotgan jinoyatlar soni uch yildirki oshib bormoqda, bu ham huquq-tartibot organlari zimmasiga qo‘shimcha yuk bo‘lib tushadi. RF IIVning ilmiy-tadqiqot instituti prognoziga ko‘ra, 2024 yilda o‘ta og‘ir jinoyatlar soni so‘nggi 15 yil ichida maksimal ko‘rsatkichga yetib, 152 mingdan oshishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: