Latviya Belarus avtomobillarining mamlakatga kirishini taqiqladi

Jahon 12:33 / 16.07.2024 1549

2024 yil 16 iyuldan boshlab Belarus Respublikasida ro‘yxatdan o‘tgan transport vositalari - yengil avtomashinalarni boshqarayotgan shaxslarning Yevropa Ittifoqiga Latviya-Belarus va Latviya-Rossiya nazorat-o‘tkazish punktlari orqali kirishi taqiqlanadi. Bu haqda 15 iyul, dushanba kuni Boltiqbo‘yi respublikasi davlat daromadlari xizmati ma’lum qildi. Xabarda qayd etilganidek, bu qaror Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiya va Belarusga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tish xavfini kamaytirish maqsadida qabul qilingan.

Qaror diplomatik va konsullik vakolatxonalari, jumladan, delegatsiyalar, elchixonalar va missiyalar foydalanishi uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalariga taalluqli emas.

Xabarda, shuningdek, agar Belarusda ro‘yxatdan o‘tgan avtomashinani boshqarayotgan xususiy shaxs Latviyaga kirishga uringan davlat hududiga qaytishdan bosh torsa, bojxona organlari transport vositasini musodara qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkinligi aytiladi. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqidan Belarusga BRda ro‘yxatdan o‘tgan yengil avtomobillar bilan qaytishga ruxsat beriladi. Bunda, ular tovarlar sifatida deklaratsiya qilinmasligi va faqat transport vositasi sifatida foydalanilishi talab etiladi, deya ma’lumot berdi davlat daromadlari xizmati.

Yevropa Ittifoqi Belarusga qarshi 8-sanksiya paketini ma’qullab, BRga nisbatan qo‘llangan cheklovchi choralarni asosan Rossiyaga qarshi joriy qilingan sanksiyalarga moslashtirdi. Minskka o‘z daromad manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini beruvchi tovarlar importi taqiqlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: