G‘azo bo‘yicha depsinib qolgan kelishuv, Trampni qutqargan raqamlar va Turkiyada yodga olingan qonli kecha - kun dayjesti

Jahon 13:36 / 16.07.2024 5537

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Qatar poytaxti Dohada o‘tkazilayotgan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Isroil-HAMAS muzokaralari depsinib qoldi. Tomonlar murosaga kela olishmayapti. Isroil tomonining so‘zlariga ko‘ra, HAMAS AQSh prezidenti tomonidan taklif etilgan G‘azo kelishuv rejasiga 29 ta o‘zgartirish kiritishga urinmoqda.

Tabiiyki, Isroil tomoni ularning barchasini rad etgan.

Isroil hukumati idorasining maslahatchisi Dmitriy Gendelmanga ko‘ra «Isroil Bayden tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rejadan bir millimetr ham chetga chiqmagan». Jumladan, Isroil tomoni birorta shartni qo‘shmagan yoki olib tashlamagan. Isroil ham HAMASdan rejadagi o‘zgarishlarga ruxsat bermasligini ta’kidlagan.

Gendelman navbatdagi qadamni HAMAS qo‘yishi va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan kelishuv shartlarini qabul qilishi kerak, degan.

AQSh prezidentining Jo Bayden G‘azoda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha uch bosqichdan iborat yangi kelishuv loyihasi shartlarining birinchisi olti haftaga mo‘ljallangan bo‘lib, to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarini aholi punktlaridan olib chiqib ketish, Isroil qamoqlaridagi yuzlab falastinlik mahbuslarni ozod qilish evaziga HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod etishni nazarda tutadi.

HAMAS bilan kelishuvga erishga mutlaqo qarshi bo‘lganlar Isroilda ham bor. Isroil moliya vaziri, ultrao‘ng millatchi Betsalel Smotrich «Men o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvga qarshiman. Agar bu mening siyosiy kareramga nuqta qo‘yilishini anglatsa ham oxirigacha boraman», degan.

G‘azoni bombalash davom etmoqda. 7 oktyabrdan buyon G‘azoda qurbon bo‘lgan falastinliklar soni 38 ming 664 kishiga yetdi. Yaradorlar soni esa 89 ming 97 kishini tashkil etmoqda.

Tramp rasman nomzod

Respublikachilar Donald Trampni 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlariga rasman nomzod sifatida ko‘rsatdi. U o‘ziga vitse-prezident ham tanladi.

Tramp partiya nomzodi bo‘lish uchun yetarli ovoz to‘pladi. Florida delegatsiyasi unga hal qiluvchi ustunlikni taqdim etdi. Respublikachilar partiyasi sahifasida Donald Tramp hamda tadbirkor Jyey Di Vensning surati paydo bo‘ldi. Postda «Bizning yutadigan chiptamiz» deb yozildi.

Bu postdan anglash mumkinki, Tramp saylovda g‘olib bo‘lsa, o‘ziga vitse-prezident sifatida aynan 39 yoshli tadbirkor va senator Vensni tanlaydi. Bu siyosatchi Ukrainaga harbiy yordam yuborilishiga qarshi va Kiyev tinchlik kelishuvi uchun hududlarining bir qismini Rossiyaga berishi kerak, deb hisoblashi bilan tanilgan.

Trampni qutqargan raqamlar

Bir o‘limdan qolgan Donald Tramp uning hayotini noqonuniy migrantlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar qutqarganini ta’kidladi.

13 iyul kuni saylovoldi mitingda o‘z joniga suiqasddan qutulib qolgan AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp New York Post gazetasiga bergan intervyusida agar noqonuniy migrantlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘qiyman deb boshini biroz o‘ngga burmaganida allaqachon o‘lgan bo‘lishini ta’kidlagan.

«Men bu yerda bo‘lmasdim, allaqachon o‘lgan bo‘lardim», — degan Tramp va bu «juda syurrelistik tajriba» bo‘lganini ta’kidlab.

78 yoshli Tramp qulog‘idan yaralangan va uning qonga belangan yuzi fotosurati butun dunyoni aylanib chiqdi. Unga hujum qilgan shaxs o‘ldirildi. Voqeada Tramp tarafdorlaridan biri o‘lgan, ikki kishi yarador bo‘lgan.

«Ko‘pchilik bu fotosuratni shu paytgacha ko‘rgan eng ramziy fotosurat ekanini aytishmoqda. Ular haq — men o‘lmay qoldim. Odatda kuchli fotosurat olish uchun odam o‘lishi kerak», — degan sobiq prezident suiqasddan so‘ng maxfiy xizmat agentlari qurshovida qo‘lini musht qilib sahnani tark etayotgani tasvirlangan suratni izohlar ekan.

Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp immigratsiya masalalarida qat’iy pozitsiyaga ega. 2017 yilda u bir qator farmonlar imzolagan, ularning orasida «musulmonlarga taqiq» to‘g‘risidagisi ham bo‘lgan va AQShga yetti musulmon davlatlardan fuqarolar kirishini taqiqlagan. Shunisi e’tiborliki, AQSh prezidenti farmoni u faqat ishlab turgan chog‘dagina amal qiladi. Yangi prezident kelishi bilan bekor bo‘ladi.

Rossiya tinchlik sammitiga chorlanmoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Ukrainada tinchlik bo‘yicha ikkinchi sammit qachon o‘tishini ma’lum qilib, unda Rossiya ham ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

Zelenskiy tomonidan Shveytsariyada chaqirilgan va Rossiya taklif qilinmagan birinchi sammitda o‘nlab jahon davlatlari yetakchilari Ukrainada adolatli tinchlik o‘rnatishni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan edi.

«Fikrimcha, Rossiya vakillari ikkinchi sammitda ishtirok etishlari kerak», — degan Zelenskiy.

Volodimir Zelenskiy tinchlik rejasining barcha elementlarini noyabrgacha tayyorlab bo‘lishni mo‘ljallayotganini aytgan.

«Men o‘z oldimga maqsad qo‘ydim, noyabrgacha bizning oldimizda to‘liq tayyor reja bo‘ladi», - degan Zelenskiy.

Turkiyada tarix yod olindi

Turkiyada 15 iyul voqealari qurbonlari xotirasi yodga olindi. 2016 yilning 15 iyul kungi qonli voqealariga 8 yil to‘ldi. O‘shanda Fathulloh Gulan tarafdorlari kuch ishlatib hokimiyatni qo‘lga kiritishga urinishgan edi.

2016 yilning yozida sodir bo‘lgan dramatik voqealardan so‘ng 15 iyul Turkiyada Demokratiya va milliy birlik kuni sifatida nishonlanib keladi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rahbarligida aholi va kuchishlatar tuzilmalarning vatanparvarlik kayfiyatidagi xodimlari tomonidan Fathulloh Gulan tarafdorlari tomonidan hokimiyatni kuch bilan egallab olishga urinishi bartaraf etildi.

Demokratiyani himoya qilishda qahramonona namuna ko‘rsatgan turk xalqi navbatdagi marta mustaqillik va mamlakat kelajagini asrab qoldi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Turkiyada hokimiyatni qurollangan holda egallashga urinishda 9 ming harbiy ishtirok etgan. Fitnachi terrorchilar 35 ta samolyot, 37 ta vertolyot, 246 birlikdagi zirhli texnika, jumladan 34 ta tankdan foydalanishgan. Isyonchilarga qarshi kurashda Turkiyaning 252 nafar fuqarosi halok bo‘lgan.

Voqealarga bag‘ishlangan marosimda chiqish qilar ekan, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an shunday degan:

«FeTO‘dagi ayrim yaramaslar, chet eldagi homiylarining buyruqlarini bajarish uchun o‘zlarining iflos qo‘llarini vatanimizga uzatib, tarixga qon to‘kilishiga sabab bo‘lgan qora dog‘ sifatida kirishdi. Bir kunda 252 o‘g‘il-qizlarini tuproqqa topshirgan xalq ularni hech qachon kechirmaydi.

85 millionlik xalq har doimgidan ko‘ra jipsroq. Bu xalqimizning irodasi va xarakteri. O‘sha tunda xalq qurollangan fitnachilarga qarshi chiqdi va qahramonlarning joni evaziga milliy qadriyatlar va davlatchilikni saqlab qoldi. Turkiya xalqi bundan keyin ham o‘zidan mustaqillikni tortib olish va irodasini bukishga qarshi har qanday harakatlarga qarshi chiqish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi», - degan Erdo‘g‘an.

Kuvaytdagi topilma

O‘zi yerga ketmon urilsa, neft chiqadigan Kuvayt davlatida yana bir «juda yirik» neft koni topilibdi. Kuvayt neft korporatsiyasining xabar berishicha, topilgan neft koni zaxiralari 3,2 milliard barrelga baholanmoqda.

Kuvayt neft korporatsiyasi Fors ko‘rfazidagi Kuvaytning Faylaka oroli sharqida «juda katta» An-Nohata neft konini topgani haqida xabar berdi. Uning zaxiralari mamlakatdagi butun qazib olish hajmining uch yillik qiymatiga teng, degan korporatsiya bosh direktori shayx Navof Saud As-Saboh.

As-Sabohning aytishicha, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, konda taxminan 2,1 milliard barrel neft va 5,1 trillion kub fut tabiiy gaz bo‘lishi mumkin, bu taxminan 3,2 milliard barrel neft ekvivalentiga teng.

Kuvayt dunyodagi eng yirik neft zaxiralariga ega. Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil yakunida ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha u dunyoda oltinchi o‘rinni egalladi va mamlakatning umumiy neft zaxiralari 100 milliard barreldan ko‘proq yoki jahon umumiy zaxirasining 6,55 foizini tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: