Berlin: AQSh raketalari joylashtirilishi - Rossiyaning O‘KRYShdan chiqishiga javob

Jahon 12:29 / 16.07.2024 3958

Berlin Rossiyaning O‘rta va kichik masofalarga uchuvchi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi shartnoma (O‘KRYSh)dan chiqishiga javob sifatida Amerikaning o‘rta masofali raketalarini Germaniyada joylashtirish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 15 iyul, dushanba kuni Germaniya hukumati vakili Shteffen Xebeshtrayt ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning yangi uzoq masofali qurollari «nafaqat ishlab chiqilgan, balki joylashtirilgan». «Shu bilan birga, biz Rossiya o‘z qo‘shnilariga nisbatan o‘tmishdagiga qaraganda ancha tajovuzkorona munosabatda bo‘layotganini ko‘ryapmiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters. Shuning uchun yadroviy bo‘lmagan to‘xtatuvchi komponent zarur.

Shu bilan birga, Germaniya hukumati GFRda 2026 yilga mo‘ljallangan Amerika raketalarini joylashtirish haqida hech qanday qo‘shimcha ma’lumot berishni istamadi hamda joylashtirilgan qanotli raketalar va tovushdan tez uchuvchi raketalar uchun kim to‘laydi degan savolni javobsiz qoldirdi. «Bu aslida Amerikaning qurollarni joylashtirish qarori. Bu biroz tushuncha berishi mumkin», - dedi Xebeshtrayt. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya hukumati AQSh prezidentlik saylovlarida Donald Tramp g‘alaba qozongan taqdirda ham bu majburiyatni bajarishini taxmin qilmoqda. 

Qurolsizlanish bo‘yicha yangi kelishuvlar zarur

Uzoq muddatli istiqbolda Germaniya hukumati Rossiya bilan qurolsizlanish bo‘yicha yangi bitimlar tuzishni maqsad qilgan, biroq yana qurol ko‘paytirilishi mumkin deb ham hisoblaydi. «Yangi qurollanish poygasi endi boshlanishi mumkin degan qo‘rquvni butunlay yo‘q qilib bo‘lmaydi», - deya Xebeshtrayt so‘zlarini keltirgan AFP. Shu bilan birga, uning aytishicha, Berlin sabr qilishi kerak. 

Yevropalik hamkorlarni himoya qilish

10 iyul kuni AQSh Rossiyani tiyib turish uchun NATOda Yevropadagi hamkorlarini himoya qilish choralarini kuchaytirishi ma’lum bo‘ldi. Xususan, Tomahawk qanotli raketalari va boshqa uzoq masofaga uchuvchi qurollar 2026 yildan boshlab Germaniyada vaqtincha joylashtiriladi. Bu haqda AQSh va Germaniyaning Vashingtondagi NATO sammiti chog‘ida e’lon qilingan qo‘shma bayonotida ma’lum qilindi.

13 iyul kuni Kreml bu bayonotga javob qaytardi. Rossiya Yevropada uzoq masofaga uchuvchi Amerika raketalarining joylashtirilishiga javoban ushbu raketalar statsionar bo‘ladigan joylarni o‘z raketalari nishoni sifatida aniqlashga majburdir, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov. «Bizda bu raketalarni ushlab turish uchun yetarli salohiyat bor», dedi Kreml vakili «Rossiya 1» telekanaliga bergan intervyusida. 

Ushbu gaplarni sharhlar ekan, Xebeshtrayt Rossiyaning bunday bayonotlari «har doim jiddiy qabul qilinishi kerak»ligi, ammo ular «e’tiborga loyiq emas»ligini ta’kidladi. 

Ko‘proq yangiliklar: