AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga qarata o‘t ochishdan oldin 20 yoshli Tomas Metyu Kruks mahalliy politsiyachi bilan to‘qnash kelgan. Bu haqda Batler okrugi sherifi Maykl Slup 14 iyul, yakshanba kuni chop etilgan The Washington Post gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Slupning so‘zlariga ko‘ra, politsiyachi shubhali odamni qidirib, bino tomiga qaragan va u yerda bo‘lgan Kruks uni nishonga olgan. Ofitser tomning chetidan qaragani va qo‘lida quroli bo‘lmagani uchun «o‘lishni istamagani sababli» yana yerga sakrab tushgan, dedi sherif. Shundan so‘ng, uning so‘zlariga ko‘ra, Kruks Tramp va miting ishtirokchilariga qarata o‘q uzgan.
Politsiya miting boshlanishidan oldin Kruksni shubhali deb hisoblagan
CNN avvalroq huquq-tartibot idoralari xodimlari Kruksning shubhali xatti-harakatlarini miting boshlanishidan oldin, u metall detektorlardan o‘tayotganda payqashgani haqida xabar bergan edi. Ular ratsiya orqali erkakni kuzatib borish kerakligini aytgan. Ta’kidlanishicha, ma’lumotlar Maxfiy xizmatgacha yetib kelgan.
Pensilvaniyada Donald Trampga suiqasd
AQSh sobiq prezidenti, respublikachi Donald Trampga 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Batler shahrida saylovoldi tashviqoti mitingidagi nutqi vaqtida o‘q uzildi. O‘q siyosatchi qulog‘ining tepa qismiga tegdi. Otishma natijasida 50 yoshli erkak halok bo‘ldi, yana ikki miting ishtirokchisi yaralandi. Ularning ahvoli barqaror, dedi Pensilvaniya shtati politsiyasi. Hujumchi Pensilvaniya shtati Betel-Park shahrida istiqomat qiluvchi 20 yoshli Tomas Metyu Kruks ekanligi aniqlangan, u xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o‘ldirilgan.
Bir qator jahon siyosiy yetakchilari Donald Trampga qilingan suiqasdni qoralab, hamdardlik bildirdi.