Rossiya qo‘shini 2024 yil aprelidan buyon Donetsk oblastining Chasiv Yar shahrini egallashga harakat qilmoqda — bu o‘tgan yil mayida ruslar nazoratiga o‘tgan Baxmut shahridan g‘arbda joylashgan, ukrainlar mudofaasi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan shahardir. RF mudofaa vazirligi iyul oyi boshida shaharning sharqiy chekkasi hisoblangan Noviy mikrorayoni (Kanal rayoni) egallangani haqida xabar berdi. RF qo‘shini Chasiv Yarda shaxsiy tarkib va texnikalar borasidagi katta yo‘qotishlar evaziga kechgan amaliyotning birinchi bosqichini yakunlagan. «Revansh» batalyoni komandiri Bogdan Xodakovskiy Kanal mikrorayoni dushman tomonidan egallanganiga izoh berarkan, Rossiya bunga shahardagi barcha ko‘p qavatli binolarni vayron qilish orqali erishganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Chasiv Yar boy berilishiga yaqin qolgan».