Buxoroda ayol xorijdagi eriga jahl qilib, ikki qizini kaltakladi

O‘zbekiston 19:02 / 14.07.2024 12239

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda ayol ikki nafar qizini shafqatsizlarcha kaltaklayotgani aks etgan video tarqaldi. Kadrlarda ayol turmush o‘rtog‘i ularning holidan xabar olmayotgani va yetarlicha pul jo‘natmayotganidan jahl qilib, go‘dak yoshidagi qizlarini kaltak bilan savalagani aks etgan.

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, holat 9 iyul kuni Jondor tumanida yashovchi ayol I.M. tomonidan sodir etilgan. Uning turmush o‘rtog‘i N.B. bir necha yildan buyon xorijda ishlab kelayotgan bo‘lgan.

Eri oilasidan xabar olmayotgani, yetarlicha pul jo‘natmayotganidan jahli chiqib, ayol qizlari 4 yoshli O‘.S. va 3 yoshli O‘.S.ni urib, kaltaklab, videotasvirga olgan va eriga jo‘natgan.

Buxoro viloyati IIBga ko‘ra, hozirda voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Uning doirasida bolaga yetkazilgan jarohatning darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Bolalar ombudsmanining qayd etishicha, so‘nggi paytda ota-onalar tomonidan o‘zaro nizoda farzandidan manipulyatsiya quroli sifatida foydalanib, bolaga jismoniy va ruhiy zarar yetkazish hollari ko‘p kuzatilmoqda.

«Ota-onalik maqomi bolaga zo‘ravonlik qilish huquqini bermaydi. Bolaga nisbatan bunday harakatga yo‘l qo‘ygan shaxslar kim bo‘lishidan qat’iy nazar qonunan javob berishi shart», — deya ta’kidlaydi Surayyo Rahmonova.

Ko‘proq yangiliklar: