Miroboddagi Taras Shevchenko ko‘chasi gastronomik ko‘chaga aylantiriladi

Iqtisodiyot 13:29 / 13.07.2024 6166

Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasi gastronomik ko‘chaga aylantiriladi. Bu haqda Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 15 iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari boshlanadi. Shu munosabat bilan tuman hokimi Anvar Sayfutdinov ko‘chada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari bilan ochiq muloqot o‘tkazgan.

Hokim uchrashuvda Hukumat qarori bilan poytaxt ko‘chalarida jozibador va serqatnov turizm hamda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish maqsadida 24/7 rejimda ishlovchi ko‘ngilochar ko‘cha tashkil etish belgilanganligi haqida ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, ushbu turistik ko‘chaning ishga tushirilishi tadbirkorlarning daromad manbai oshishiga xizmat qiladi.

Bunyodkorlik ishlari davomida Taras Shevchenko ko‘chasida yoritish ustunlari, o‘rindiqlar va chiqindi urnalari hamda sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, daraxt ko‘chatlari o‘tqazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bu yerda audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar, fotozonalar uchun dekorativ elementlar o‘rnatish, piyodalar va velo-yo‘laklar, bolalar o‘yingohi, ko‘rgazmali sahna barpo etish ham rejalashtirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: