O‘zbek shou-biznes vakillarining yo‘lovchi poyezdlarda sovitish tizimi ishlamayotganidan noroziligi aks etgan videolarga “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” rasmiy munosabat bildirdi.
Videoda san’atkorlar “O‘zbekiston temiryo‘llari”dan konditsionerli kupe uchun chipta sotib olgani, lekin amalda vagonda sovitish tizimi ishlamaganini aytishgan.
“Vagonlar eski, anomal issiq havo tufayli nosozlik kuzatilmoqda” – mas’ullar
“O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” yo‘lovchilardan nosozlik uchun uzr so‘radi. Ta’kidlanishicha, bu poyezd 12 iyul kuni “Xiva — Andijon” yo‘nalishida harakatlangan. Yo‘l davomida vagonda texnik nosozlik aniqlangan, yo‘lovchilar vaqtincha boshqa vagonga o‘tkazilgan.
“Yo‘lovchilardan sovitish tizimi ishlamayotgan taqdirda vagon kuzatuvchilariga, agar muammo yechim topilmasa, poyezd boshlig‘iga murojaat qilishlari mumkinligini ta’kidlab o‘tamiz. So‘nggi yillarda yo‘lovchi vagonlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda va yangi vagonlar ham xarid qilinmoqda.
Yuqoridagi holat bo‘yicha tegishli mas’ul xodimlarga ko‘rsatmalar berildi. Keltirilgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘raymiz”, – deyiladi izohda.
Shuningdek, rasmiylar bu yo‘lovchi vagonlar ancha eski ekani, 1991 yilda qurilib, o‘z muddatlarida texnik ta’mirlardan o‘tkazilganini ma’lum qilgan.
“Vagonga o‘rnatilgan sovitish tizimi texnik shartlariga ko‘ra, tashqi havo harorati +40 C darajadan yuqorilab ketganda, tizimning sovutish samaradorligi yo‘qoladi. Hozirgi kunlarda mamlakatimiz hududi bo‘ylab kuzatilayotgan anomal issiq havo harorati tufayli ayrim vagonlarning sovitish tizimlarida nosozliklar kuzatilmoqda.
Videolavhaga tushirilgan poyezdning yo‘l davomida havo harorati +40 C darajadan yuqorilab ketgani sababli sovitish tizimining kompressor uskunasi ishlamay qolgan, natijada vagon sovitilmagan. Poyezd Toshkent-Janubiy vokzaliga yetib kelganidan so‘ng, unga qo‘shimcha qilib soz holatdagi vagon ulandi va yo‘lovchilar ushbu vagonga o‘tkazildi”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Shuningdek, kompaniya o‘tgan asrlarda ishlab chiqarilgan yo‘lovchi vagonlarining sovitish tizimlari, ichki intereri, elektr tizimlari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish uchun kerakli choralar ko‘rilayotgani, bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinayotganini, buning uchun 1 yilda zamonaviy talablarga mos bo‘lgan 27 ta yo‘lovchi vagonlar xarid qilinganini qo‘shimcha qilgan.
“Anomal issiq havo kuzatilmadi” – Erkin Abdulahatov
Iqlimshunos Erkin Abdulahot mas’ul tashkilotning bu ma’lumotiga o‘z munosabatini bildirdi. Uning aytishicha, yil boshidan beri anomal issiqlik kuzatilmagan, “O‘zgidromet” ham bu borada xali ogohlantirish xabarini e’lon qilmagan.
“Hukumatning 2021 yil 6 avgustdagi 501-sonli qarori 4b-ilovasida O‘zbekistonda qaysi payt anomal issiqlik yoki anomal sovuqlik kuzatilishi va bu kutilmalardan oldin “O‘zgidromet” ogohlantirish xabari ishlab chiqarilishi bo‘yicha aniq qilib yozilgan jumlalar mavjud.
Hukumat tuzilmalari hukumatning qaroridagi "anomal" so‘zidan kelib chiqib, rasmiy ma’lumotlarni berishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim. Hech yo‘q, o‘zlaring chiqargan qarorlarga amal qilinglar”,– deydi u.
Raqobat qo‘mitasi vaziyatni o‘rganmoqda
Yuqoridagi holat yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi”ga so‘rov yuborgan. Ta’kidlanishicha, qo‘mita hozirda o‘rganish ishlarini olib boryapti.
Yuqoridagi holatlar ham shu o‘rganishlar doirasida ko‘rib chiqilishi va ushbu holatlar nazoratga olingani, o‘rganish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha axborot berilishi aytildi.