Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining filiali tashkil etiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Quyidagilar filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:
– iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy talablar asosida xalqaro ta’lim standartlariga muvofiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;
– ta’lim, ilm-fan hamda ishlab chiqarishning uzluksizligi va izchilligi tamoyillari, shuningdek, jahonning nufuzli o‘quv-ilmiy markazlari bilan uyg‘un integratsiyalashuv asosida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini joriy etish;
– zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash jarayoniga ilg‘or hamda masofaviy texnologiyalarni keng joriy etish, yuqori malakali professor-o‘qituvchilarni va ko‘p yillik ish stajiga ega bo‘lgan amaliyotchilarni jalb etish;
– xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari, ilmiy tadqiqot markazlari va biznes-hamjamiyatlar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, rivojlantirish hamda mustahkamlash;
– ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning professional mahorati darajasi hamda sifatini uzluksiz oshirib borish, xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy ta’lim tashkilotlarida malaka oshirishini va stajirovka o‘tashini ta’minlash;
– fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish hamda ularning natijalarini amaliyotga joriy etish, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda ilmiy-texnik vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan amaliy va innovatsion izlanishlarni amalga oshirish.
Filialga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish ishlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda, universitet tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi. Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.
Filialga belgilangan tartibda litsenziya olingandan so‘ng ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, filialning har yilgi qabul parametrlarining 5 foizdan kam bo‘lmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni bepul o‘qishga qabul qilish uchun ajratiladi.