MDH Parlamentlararo assambleyasi kengashi majlisida ishtirok etish uchun Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib turgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokara chog‘ida ikki davlat o‘rtasida parlamentlararo muloqotni samarali davom ettirish masalalari muhokama qilingan.
Tomonlar o‘tgan yili imzolangan Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum munosabatlarni yanada yuqori bosqichga olib chiqishga imkon berganini ta’kidlagan. Ushbu memorandumni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi amaliy choralar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish yuzasidan fikr almashilgan.
Unda oliy darajadagi tashriflar chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosini birgalikda monitoring qilish mexanizmini takomillashtirish, parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ayollarning jamiyatdagi rolini oshirish hamda yoshlar parlamentlarining rolini mustahkamlash kabi masalalarni aks ettirishga kelishib olingan.
Hindiston parlamenti quyi palatasi Spikeri Om Birla bilan o‘tkazilgan muzokarada esa O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, turizm va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Muloqot davomida parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirishning amaliy jihatlariga e’tibor qaratilgan.
Yuqori darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro tashriflar tashkil etish orqali qonun ijodkorligi, elektron parlament yo‘nalishida tajriba almashish lozimligi ta’kidlangan. Mazkur jihatlarni qamrab olgan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga oid hujjat loyihasini ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishib olingan.
Shuningdek, Tanzila Norboyeva Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati raisi Maulen Ashimbayev bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida parlamentlararo aloqalarni amaliy mazmun bilan yanada boyitish masalalari tomonlar e’tibor markazida bo‘lgan. O‘zbekiston va Qozog‘iston Senatlari o‘rtasidagi parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish va hamkorlikka oid yangi “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olingan.