Toshkentdagi yana bir avtosalon odamlarni aldagani aytilmoqda

O‘zbekiston 08:53 / 12.07.2024 28306

Toshkent shahridagi yana bir avtosalon odamlarni aldayotgan bo‘lishi mumkin. Kun.uz’ga murojaat qilgan bir nechta fuqaro poytaxtdagi avtosalonga pul to‘lab, mashina ololmayotganini ma’lum qildi.

Murojaatda keltirilishicha, Toshkent shahridagi “Allianse Motors” MChJ mijozlar bilan shartnoma tuzib, mashinalarni vaqtida keltirib bermagan. Ayrimlarni esa yetkazib berilgan avtoransport vositasining hujjatini to‘g‘rilab bermasdan ovora qilmoqda.

2024 yil 19 may kuni “Allianse Motors” MChJ bilan BYD mashinasini sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzdim. Avtosalonga dastlab 63 mln 900 ming so‘m, 20 may kuni 178 mln 500 ming so‘m to‘lov qilganman.

Menga o‘zini avtosalon direktori deb tanishtirgan Davlat Narziyev mashinani 15 kunda keltirib berishni va’da qilgandi. Ushbu muddat o‘tgach, men mashinani so‘ray boshladim. U esa erta-indin deya aldab yurdi.

2024 yilning 29 iyun kuni mashinam kelganini, shartnoma bo‘yicha qolgan summani to‘lab ketishim kerakligini aytdi. Avtosalonga borib, qolgan to‘lovni to‘lab keldim. Ertasi kuni mashinani evakuatorga yuklab uyimga keltirib berishdi. Lekin bugungacha mashinaning hujjatlarini to‘liq qilib bergani yo‘q”, deydi murojaatchi Asilbek Boboyorov.

Shuningdek, murojaatda “Allianse Motors” MChJ mas’ullari to‘lov qilgan bir necha o‘nlab odamlarni aldab kelayotgani, ularga mashinalarini shartnoma bo‘yicha o‘z vaqtida yetkazib bermayotganligi ta’kidlangan.

Statistika agentligi ochiq ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil dekabr oyida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Allianse Motors” MChJ Davlatbek Narziyevga tegishli.

Joriy yil mart oyi oxirida «avtomashinalarni 3 oy muddat ichida avtosalondan chiqarib, yetkazib berish»ni aytib, 74 nafar fuqaroning 6,1 mlrd so‘mlik pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan Toshkent shahridagi My Cars avtosaloni egalari qamalgandi.

Oradan ko‘p o‘tmay, elektromobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 4 ta avtosalon egalari o‘zaro til biriktirgan holda, yuzlab odamlarning ishonchiga kirib, 200 dollar evaziga ularning nomiga kredit chiqartirgani hamda 2 oy ichida kreditni uzib berishni va’da qilgani hamda milliardlab summalarni o‘zlashtirgani aniqlandi.

Ko‘proq yangiliklar: