Toshkentda yana bir avtosalon egasi qamoqqa olindi
“Bilol’s electric motors” MChJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U juda ko‘p miqdordagi firibgarlikda ayblanmoqda. Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur firmadan jabrlanganlar soni 50 nafarga yaqin.

Foto: Google Maps
Toshkent shahridagi “Bilol’s electric motors” MChJ rahbari Bilol Mamajonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
2021 yil martda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Bilol’s electric motors” MChJ avtomobillar va yengil motorli transport vositalari chakana savdosi bilan shug‘ullanib kelgan. Unga 100 foizlik ulush bilan Bilol Mamajonov egalik qilgan.
Kun.uz’ga murojaat qilgan jabrlanuvchilarga ko‘ra, keyingi paytlarda “Bilol’s electric motors” MChJ ko‘plab fuqarolar bilan shartnoma tuzib, avtomobillarni belgilangan vaqtda yetkazib bermagan. Bundan norozi bo‘lgan mijozlarga na mashina berilgan, na to‘lagan pullari qaytarilgan.
Tahririyat holatga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent shahar IIBB axborot xizmati bilan bog‘landi. Boshqarma axborot xizmati Bilol Mamajonov qamoqqa olinganini tasdiqladi.
“Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. MChJ mansabdor shaxsi B.M.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda”, deyiladi boshqarma ma’lumotida.
Shuningdek, “Bilol’s electric motors” MChJdan jabrlangan shaxslar bo‘lsa Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasiga murojaat qilishlari mumkinligi bildirildi.
Kun.uz’dagi ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur firmadan jabrlanganlar soni 50 nafarga yaqin. Ularga yetkazilgan zarar miqdori hozircha tahririyatga ma’lum emas.
Avvalroq “Umid avto companes” MChJ rahbari Abdumannop Abdurahmonov ham juda ko‘p miqdordagi firibgarlikda ayblanib, qamoqqa olingandi.
Mavzuga oid

11:16 / 02.03.2025
Uchta hududda imtiyozli kredit olib berishini aytib odamlarning pullarini o‘zlashtirgan shaxslar ushlandi

18:44 / 24.02.2025
Samarqandda internet firibgarlarining asosiy qurbonlari yoshlar bo‘lmoqda

18:41 / 22.02.2025
Toshkent viloyatida yirik miqdordagi firibgarlikni sodir qilgan shaxs qamaldi

16:49 / 20.02.2025