“Tarkibida zaharli yoki zararli moddalar aniqlanmadi” – Sanepidqo‘mita kannabis ta’mli ichimlik sotilayotgani haqidagi xabarlarga izoh berdi

O‘zbekiston 07:56 / 12.07.2024 5219

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi do‘konlarda qutisida “noodatiy” rasmi bo‘lgan va kannabis ta’mli energetik ichimlik sotila boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Chexiyada ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonga ham olib kelingan “SoStoned” nomli 330 millilitrli energetik ichimligi mahsulotiga sanitariya-gigiyenik, bakteriologik, parazitologik va radiologik tekshiruvlardan so‘ng sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib berilgan.

Mazkur energetik ichimligi qadog‘ida tarkibida suv, shakar, limon kislotasi, tsitrat natriy, taurin, kofein, kanaplya ta’mini beruvchi aromatizatorlar, rang beruvchi karamel, vitamin V2, V6, V12 va pantoten kislotasi borligi ko‘rsatib o‘tilgan. Laboratoriya tekshiruv natijalariga ko‘ra, ichimlik tarkibida xavfsizlik ko‘rsatkichi hisoblangan zaharli yoki inson salomatligi uchun zararli moddalar aniqlanmagan.

“Respublikamiz hududida o‘rnatilgan tartiblarga rioya etgan holda olib kirilgan mahsulotning har bir partiyasiga laboratoriya tekshiruvlari natijalariga ko‘ra, sanitariya-epidemiologik xulosa rasmiylashtirib beriladi”, deyiladi munosabatda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ushbu mahsulot O‘zbekistonga 2023 yilning noyabr oyidan olib kirilayotgangan bo‘lsada, bugungi kunga qadar uning sifatsizligi yoki iste’mol qilish oqibatida zaharlanganlik to‘g‘risida murojaat va arizalar kelib tushmagan.

Oldinroq Afg‘onistonda ishlab chiqarilgan anor ta’mli ichimlik tarkibida ham zaharli moddalar aniqlanganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgan va Sanepidqo‘mita buni rad etgandi.

Ko‘proq yangiliklar: