“Sariq kasal” yoxud Gepatit A virusi: Undan qanday himoyalanish kerak?

O‘zbekiston 11:12 / 12.07.2024 26215

Virusli gepatit A – bu o‘tkir yuqumli jigar kasalligi bo‘lib, qo‘zg‘atuvchisi gepatit A virusi hisoblanadi. Dunyo bo‘ylab har yili o‘n millionga yaqin odam ushbu kasallikka chalinadi. Maktabgacha va kichik maktab yoshidagi bolalar boshqalarga nisbatan ko‘proq kasallanadi. Ushbu ko‘rsatuvda xarakteriga ko‘ra asosan yoz va kuz oylarida avj oladigan kasallikning alomatlari, kelib chiqish sabablari, organizmda kechishi, uning oldini olish choralari hamda davolash usullari, shuningdek kasallikka qarshi vaksinatsiya haqida so‘z yuritamiz.

Virusli gepatit A

 Gepatitning o‘tkir va surunkali turlari mavjud. Surunkali gepatit o‘limga olib keluvchi jigar sirrozi va saratoni kabi kasalliklar asoratiga sabab bo‘lishi mumkin.

Gepatit A — kasallikning eng ko‘p uchraydigan, ammo boshqalariga nisbatan xavfsizroq turi hisoblanadi. U deyarli doim o‘tkir kechadi va surunkali bo‘lmaydi, o‘limga va boshqa turlarga nisbatan jiddiy oqibatlarga olib kelmaydi.

Nisbatan yuqori kasallanish aholi sifatli ichimlik suv bilan yaxshi ta’minlanmagan, sanitariya – gigiyena sharoiti nochor bo‘lgan hududlarda kuzatiladi. Shu bilan birgalikda, bolalar maktabgacha ta’lim muassasalarida va maktablarda o‘zaro muloqot jarayonida gepatit A kasalligini yuqtirib olish ehtimoli yuqori bo‘ladi.

«Hozirgi kunda bizda Virusli gepatitlarning A, B, C, D, Y turlari aniqlangan. Shulardan bittasi verusli gepatit A hisoblanadi. Virusli gepatit A tibik ichak o‘tik infeksiyalari turiga kirib, bugungi kunda bolalar orasida, asosan, sanitariya- gigiyena qoidalariga rioya qilmaganligi sababli ko‘p uchrab turadi».

Abdullabayeva Nargiza

Shahar 5-son Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori

«Kir qo‘llar kasalligi»

Ushbu kasallik «kir qo‘llar kasalligi» deb ham ataladi. Virusni, asosan, kirlangan suv, taom, yaxshi yuvilmagan idish hamda kasallangan odam bilan kontaktda bo‘lish orqali yuqtirish mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bemorlarning 90 foizini 10 yoshgacha bolalar tashkil etadi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekistonda gepatit A bilan kasallanish holati bugungi kunda ham baland: joriy yilning 6 oyida, 2023 yilning shu davriga nisbatan, 1,7 barobarga o‘sishi kuzatilgan. Bu kasallik 4-6 yoshli va 7-14 yoshli bolalar o‘rtasida keng tarqalib bormoqda.

«Yurtimizda yoz fasli ta’tillari boshlandi. Ta’til vaqtida sanitariya- gigiyena qoidalariga rioya qilishni tavsiya beramiz. Bolalarning ochiq suv havzalarida cho‘milishini maslahat bermaymiz. Chunki bunday joylarda gigiyena qoidalariga amal qilish holatlari kuzatilmaydi. Cho‘milish davomida notoza suvlarni ichib, yutib yuborish holatlari bo‘ladi. Buning oqibatida maktab o‘quvchilari va undan kichik yoshdagi bolalar orasida verusli gepatit kasalligini yuqtirib olish holatlari bo‘ladi. Xalqimiz orasida stomatologlar orqali bu kasallik ko‘proq yuqishi haqida gaplar asossiz. Bunday holatlar statistikada ham qayd etilmagan. «Kir qo‘llar kasalligi» sanitariya- gigiyena qoidalariga rioya qilinmagan holatda vujudga keladi. Shuning uchun, ota-onalar farzandlarining ozodaligiga e’tibor qaratishining tarafdoriman va shu narsani tilab qolaman».

Abdullabayeva Nargiza

Shahar 5-son Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori

Kasallik alomatlari

Kasallik alomatlari qanday namoyon bo‘ladi? Mutaxassisga quloq tutamiz.

«Gepatit A'ning ham boshlang‘ich belgilari xuddi boshqa turlari kabi isitma, holsizlik, ich ketish, qayd qilish alomatlari bilan kechadi. Shunda ko‘pincha fuqarolarimiz uni grippga o‘xshash kasalliklar bilan adashtirib, uy sharoitida davolashga harakat qilishadi. Chunki kasallikning boshlanish davrida Gepatit A'ning tana va ko‘z oq pardasidagi sarg‘ayish kabi klinik belgilari qayd etilmaydi. Bu belgilar ikki haftadan keyingina namoyon bo‘ladi».

Qurbanova Gulnoza

Shahar 1-son Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori

Davolash qanday kechadi va qanchaga tushadi?

Shifokorlarga tayanib aytadigan bo‘lsak, o‘tkir virusli gepatit A bilan og‘rigan bemor holatiga qarab, kamida 10 kundan 50 kungacha shifoxonada yotib davolanadi. Jigar to‘qimasi to‘liq yangilanishi uchun esa 150-180 kun vaqt talab etiladi. Shu davr mobaynida bemor qat’iy parhezda bo‘lishi va jismoniy zo‘riqishdan saqlanishi zarur.

Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga asoslanib hisoblanganda 2022 yilda Virusli gepatit A kasalligidan davolanishning jami xizmat narxi bir bemor uchun 3 mln 786 ming so‘mni tashkil qilgan. Bu xarajatlar muolaja, tahlillar, dorilar va boshqa shu kabi xizmatlar uchun yuqumli kasalliklar shifoxonasida kasallikning o‘tkir-sariqlik shaklini davolash uchun davlat tomonidan sarflanadi.

«Virusli gepatit A shifokor topshiriqlarini vaqtida bajarib, parhez va hamma tartiblariga amal qilinsa, tuzaladigan, shuningdek, asoratsiz o‘tib ketadigan kasallik. Gepatit A'ni yuqtirib olmaslik uchun nima qilish kerak? Farzandlarimizni bog‘chaga borgandan boshlab tozalikka o‘rgatishimiz shart. Bog‘chadan, maktabdan, ko‘chadan kelganida qo‘l yuvishga, uyni orasta tutib, shamollatib turishga odatlantirishimiz kerak. Gepatit A'ni yuqtirgan bemorlar ham yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqiziladi. Barcha xarajatlar esa davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi».

Qurbanova Gulnoza

Shahar 1-son Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori

Qanday himoyalanish kerak?

Gepatit A bilan kasallanmaslik uchun avvalo tozalik va gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish kerak. Ammo bu virus havo orqali yuqish xususiyatiga ega ekanini hisobga olib, shifokorlar undan himoyalanishning eng samarali usuli sifatida emlanishni tavsiya etadilar.

«Emlashning roli juda ham katta. Bundan fuqarolarimiz qo‘rqishi kerak emas, aksincha, to‘g‘ri talqin qilish kerak. Ko‘pchilikda yengil o‘tarkan, tuzalib ketarkan, emlamasa ham bo‘lar ekan, degan. Bu noto‘g‘ri, bir marta gepatit A'ga qarshi vaksina olgan odam 25 yilgacha kasallikni yuqtirmaydi. Bundan tashqari, Gepatit A bilan kasallangan odam ham emlanmaydi. Chunki unda kasallikka qarshi immunitet paydo bo‘ladi va u qaytda virus yuqtirmaydi».

Qurbanova Gulnoza

Shahar 1-son Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori

Emlashni kimlar amalga oshiryapti va u qancha tushadi?

Ayni paytda mamlakatimizda Gepatit A'ga qarshi emlash, ya’ni vaksina faqat xususiy klinikalarda amalga oshirilmoqda. Vaksinaning barcha turlari xorijdan import qilinadi va ishlab chiqaruvchisiga qarab narxi 300 mingdan 770 ming so‘mgachani tashkil qiladi. Soliq siyosatidagi o‘zgarish ham vaksina narxiga ta’sir etgan. 2024-yil 1-aprelidan boshlab dori vositalarini olib kirish va tibbiy xizmat ko‘rsatishga 12 % li qo‘shimcha qiymat solig‘i joriy qilindi. Bu esa tabiiyki vaksinatsiya narxining ham yanada qimmatlashishiga sabab bo‘lgan.

«Kasallikka qarshi immunitet hosil qilishi Xitoy vaksinasida ham, Belgiya vaksinasida ham bir xil. Barchasida inson organizmi uchun zarari yo‘q. Lekin uning narxiga keladigan bo‘lsak, xususiy sektor tomonidan qanchaga olib kelingan bo‘lsa, shu narxning ustiga xarajatlari qo‘yiladi. O‘zbekiston Respublikasida bugungi kunda 30 dan ortiq xususiy emlash markazlari mavjud. Ularning har biri vaksina narxlarini o‘zlari belgilaydi. Masalan, bitta gepatit Aga qarshi vaksina qaysidir emlash markazida 300 ming so‘m bo‘lsa, qaysidir birida esa 330 ming so‘mni tashkil qiladi. Mingga yaqin barcha xususiy tibbiyot muassasalarining barchasi vaksinalarni olib kirish yoki emlash huquqiga ega emas. Emlash xizmatini ko‘rsatish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan litsenziyalangan bo‘lishi kerak».

Botir Qurbanov

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rais o‘rinbosari

Nega Gepatit A'ga emlash davlat tomonidan bepul amalga oshirilmaydi?

O‘zbekistonda bugungi kunda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti va YUNISEF bolalarni himoya qilish tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan aholini 13 xildagi yuqumli kasalliklardan himoya qilish uchun emlash ishlari amalga oshiriladi. Ushbu vaksinalar YUNISEF xalqaro tashkiloti yordamida sotib olinib, O‘zbekistonga keltiriladi va emlash markazlariga yetkaziladi. Bepul vaksinalarga quyidagilar kiradi: difteriya, ko‘kyo‘tal, qoqshol, sil, virusli gepatit V, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuyensa tip B infeksiyasi, bachadon bo‘yni saratoni. Ammo negadir bu ro‘yxatda Gepatit A virusli kasalligi yo‘q.

«Gepatit Aga qarshi vaksina, ming afsuski, milliy emlash kalendarimizdagi 13 xil yuqumli kasalliklarga qarshi vaksinalar ro‘yxatiga kiritilmagan. Birinchi navbatdagi sababi, uning o‘tkir holatda kechishi va o‘zidan keyin o‘lim holatlari, og‘ir asoratlar qoldirmasligi. Gepatit A'ga qarshi vaksinalar xususiy sektorlar tomonidan olib kelinib, emlanganligi uchun pulli, milliy emlash kalendariga kiritilgan qolgan 13 ta kasalliklar vaksinasi davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi».

Botir Qurbanov

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rais o‘rinbosari

Nega vaksina O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydi?

O‘zbekistonda yiliga yarim milliondan ko‘proq bola tug‘ilmoqda, agarda budjet hisobidan bolalarni virusli gepatit A'ga qarshi to‘liq emlash tashkil qilinsa buning uchun har yili 200 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ talab etiladi, bu summa esa bugungi kunda Milliy emlash rejasidagi 13 turdagi vaksinalarning barchasi uchun ajratilayotgan mablag‘larning jami miqdoridan bir necha barobar ko‘p.

Virusli gepatit A ga qarshi vaksinalar dunyo bo‘ylab bir nechta yirik vaksina ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi, ulardagi vaksinaning to‘liq kurs uchun narxi masalan Belgiya mahsuloti 42 Yevro, Fransiya mahsuloti 34 yevroni, Xitoy kompaniyalari mahsulotlari nisbatan arzonroq: o‘rtacha 13-15 yevro. Vaksina shunaqa qimmat ekan, unda nega buni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmaydi?

«O‘zbekiston Respublikasida bitta turdagi vaksinaga bo‘ladigan ehtiyoj 2 mln dozani tashkil qiladi. Chunki yurtimizda yiliga bir millionga yaqin chaqaloq dunyoga keladi va ular ikki martadan emlanishi mumkin. Vaksina ishlab chiqarishda 2 million doza juda ham kam hisoblanadi. Korxona buni bir oyga qolmasdan ishlab chiqaradi. Qolgan oylarda ishlab chiqaradigan vaksinalarni sotish kerak bo‘ladi. Lekin uni kimga sotadi? Jahon bozorida vaksinani sotish esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining xulosasiga ko‘ra beriladigan sertifikat asosida amalga oshadi».

Botir Qurbanov

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi rais o‘rinbosari

Kasalni davolagandan ko‘ra, oldini olgan oson

So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda bolalarni yuqumli kasalliklardan himoya qilish borasida olib borilayotgan chora- tadbirlarni noto‘g‘ri talqin qilish, mavjud vaziyatni shubha ostiga qo‘yish kabi chiqishlar aholi o‘rtasida norozichiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Aslida yuqumlik kasalliklar va turli zararli viruslardan himoyalanish kishining o‘ziga bog‘liq.

Xalqimizda “kasalni davolagandan ko‘ra, oldini olmoq oson” degan naql bor. Kasallikka qarshi emlanishdan tashqari, sog‘lom turmush tarziga, shaxsiy gigiyena qoidalariga, oziq-ovqat mahsulotlarini tayyorlash va saqlash jarayonlarida sanitariya-epidemiologik qoidalarga rioya qilish muhimdir. Bu esa ortiqcha xarajatlarning oldini olib, eng muhimi o‘zingiz va farzandlaringiz kasallik bilan og‘rimasligiga muhim qadam bo‘ladi.

Salomat bo‘ling!

Nodir Qulmatov
Elyor Hoshimov

Ko‘proq yangiliklar: