Samarqand va Andijon viloyatlarida chet davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar tezkor tadbirda ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurish departamenti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Payariq tuman bo‘limi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda “F.T.” MChJ rahbari F.B. fuqaro U.A.ni 13 ming dollar evaziga AQShga ishga yuborishini aytib, oldindan 10 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Qo‘rg‘ontepa tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan D.M. va D.X. fuqaro A.Yu.ning ishonchiga kirib, uning farzandini Koreya davlatiga ishga yuborishi evaziga 1,9 ming dollar pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Samarqandda Angliya, Andijon viloyatida Kanadaga hamda Qoraqalpog‘istonda Serbiya yoki Bolgariya davlatlariga ishga jo‘natishni va’da qilgan shaxslar ushlangandi.