“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytiriladi

O‘zbekiston 07:55 / 11.07.2024 2610

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining hududini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil qilish maqsadida, Quvasoy shahri hokimligi zaxirasidagi jami 210,4 gektar yer uchastkalari hisobiga “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududi kengaytiriladi.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi kengaytirilayotgan hududining bosh rejasi ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Bunda “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi” unitar korxonasi bosh rejani ishlab chiqishda buyurtmachi tashkilot etib belgilanadi. Bosh reja loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha loyiha tashkiloti tender (tanlov) savdolari natijasiga ko‘ra aniqlanadi.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil oxirigacha iqtisodiy zonaning kengaytirilayotgan hududida kamida 1 mlrd AQSh dollari miqdorida investitsiyalar o‘zlashtirilishi, 11,7 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi, yiliga 965 mln dollar miqdorida qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish, shundan 313,6 mln dollarini eksportga yo‘naltirish bo‘yicha quvvatlar ishga tushirilishi ta’minlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: