Joriy yilning 1 avgustidan O‘zbekistonda elektr energiyasini hisoblashning yangi billing tizimi joriy etiladi. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ birinchi o‘rinbosari Alvar G‘aybullayevga tayanib “Spot” xabar bermoqda.
Hozirda korxona iste’molchilariga yetkazib beriladigan elektr energiyasi hisobi 2012 yilda joriy qilingan billing to‘lov tizimi asosida yuritiladi.
“Bizga zamonaviy billing tizimi kerak edi, 2022 yilning oxirida yangi tizim bo‘yicha texnik shartlar ishlab chiqildi. Joriy yilning 1 avgustidan butun mamlakatda mazkur tizim yangilanadi”, — dedi G‘aybullayev.
Uning qayd etishicha, hozirda mazkur tizim sinov tarzida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joriy etilgan.
“Amaldagi tizimda abonentning ism-familiyasi, pasport ma’lumotlari va hisobraqami bo‘lgan bo‘lsa, yangi tizimda abonentning kadastr ma’lumotlari, bitta odam nomida nechta hisobraqami borligi kabi ma’lumotlar mavjud bo‘ladi.
Yangi tizimda monitoring ishlarini olib borish maqsadida iste’molchining shikoyat va takliflari, ularning soni ham yozib boriladi. Umuman boshqa billing bo‘ladi”, - deydi Alvar G‘aybullayev.
Ma’lum qilinishicha, tizimning mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan. U orqali amalga oshirilgan to‘lovlar hamda iste’mol qilingan elektr energiyasi miqdorini onlayn olish mumkin bo‘ladi. Shuningdek, kompaniya mas’uli “aqlli” hisoblagich bilan ta’minlanganlik darajasi 90 foizni tashkil etishini ma’lum qilgan. Hududlarda 782 mingta “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda shundan 210 mingta abonent qolgan.
Joriy yilning 1 avgustigacha qolgan iste’molchilar ham “aqlli” hisoblagichlar bilan ta’minlanadi. Natijada, ko‘rsatkich 100 foizga yetkazilishi, ya’ni mavjud 8,5 mln abonent qamrab olinishi kutilmoqda.
“Bir narsani aytish kerakki, mamlakatda 100 foiz „aqlli“ energiya hisoblagichlari o‘rnatildi, deb bo‘lmaydi, nimaga deganda, yillik o‘sish 2 foizni tashkil etadi: aholi ko‘paymoqda, uy-joy qurilmoqda, ishlab chiqarish ortmoqda. Shunday ekan, ko‘rsatkichni 100 foizga yetkazib bo‘lmaydi”, — dedi G‘aybullayev. .
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Prezident o‘tkazgan yig‘ilishda elektr, gaz, suv, issiqlik, chiqindi, “kvartplata”, soliq to‘lovlari bo‘yicha xonadonning yagona billing hisobraqamini joriy qilish vaqti kelgani aytilgandi, davlat rahbari xorijiy tajriba asosida tegishli takliflarni ishlab chiqish vazifasini topshirgandi.
Avvalroq, iste’molchilar elektr uchun to‘lovlar hisobga ikki barobar bo‘lib tushayotgani haqida xabar bergandi, hududiy elektr tarmoqlari esa bu texnik nosozlik ekanini ma’lum qilgandi.