Dekabr oyida ikkita energiya saqlash majmuasi ishga tushadi - Sherzod Xo‘jayev

Iqtisodiyot 19:14 / 11.07.2024 5387

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi. Qurilish-montaj jarayonlariga, bir nechta investloyihalar qatorida, prezident Shavkat Mirziyoyev 11 iyul kuni Qo‘qonga tashrifi vaqtida start berdi.

Loyiha doirasida 144 mln dollar xorijiy investitsiya hisobiga 150 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi. Xitoyning “Gezhouba Group” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi bu majmua shu yil yakuniga qadar ishga tushiriladi. U elektr energiyasiga talab ortgan vaqtda avtomatik ishga tushib, energetika tizimi barqarorligini ta’minlaydi.

Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, dekabr oyida Andijon viloyatida ham shunday majmua ishga tushishi ko‘zda tutilgan. Umuman olganda, hozir hukumatda sanoat ko‘lamidagi yirik batareyalarni tashkil etish bo‘yicha 10 dan ortiq shartnoma bor. Bu haqda Xo‘jayev iqtisodchi Otabek Bakirov bilan suhbatida aytib o‘tdi.

“[Aytaylik], qaysidir sabablarga ko‘ra, keyingi kun uchun ishlab chiqarish grafigini qaysidir stansiya bajarmadi. Yoki qaysidir hudud yoki yirik iste’molchi o‘zi tomonidan berilgan buyurtmadan ko‘ra ko‘proq energiya olishni boshladi. Tizimda quvvat tanqisligi yuzaga keladi, real vaqt rejimida qaysidir stansiyalar shu quvvatni yetkazib berishi kerak. Bugungi kunda hududiy elektr tarmoqlari mana shu muvozanatlash bozoriga buyurtma beradi – agar ishlab chiqarish va iste’mol balansi buzilsa, birdaniga zaxira quvvatni tizimga uzatishga tayyor turinglar, deb buyurtma beradi.

Siz bilan ikki yil oldin gaplashganimizda O‘zbekiston hududida biz energiya saqlash qurilmalarini sanoat ko‘lamidagi obekt sifatida qurilishini tasavvur qilolmasdik, bugun esa 10 dan ortiq shartnomamiz bor. Sanoat ko‘lamidagi energiya saqlash qurilmalarini qurish bo‘yicha. Bu generatsiya emas, batareyalar”, – dedi Xo‘jayev.

Energoregulyator rahbarining ta’kidlashicha, hozirda shamol va quyosh stansiyalari yonida qurilayotgan energiya saqlash qurilmalari – boshqa, ulardan tashqari, generatsiya obektlariga bog‘liq bo‘lmagan, faqat zaxira quvvat sifatida ishlatiladigan batareyalar qurilyapti.

“Dekabr oyida 2 ta stansiyamiz – Farg‘ona va Andijon viloyatlarida ishga tushishi kerak”, – dedi u.

Sherzod Xo‘jayevning tushuntirishicha, yirik batareyalar to‘la quvvatda bo‘lganda, ulardan taxminan 2 soat davomida energiya olish mumkin.

“2 soat, lekin kun davomida istalgancha to‘ldirib, bo‘shatish mumkin. Bu avtomatik boshqariladi. Ilgari nima bo‘lardi, tizimda quvvat tanqisligi yuzaga kelsa, iste’molchilar o‘chirilardi. Hozir tizimda tanqislik yuzaga kelganda, batareyalar avtomatik bo‘shatiladi. Birdaniga iste’mol pasaydi, quyosh chiqdi va tizimda ortiqcha tok yuzaga keldi, bunda batareyalar to‘ldiriladi”, – deya tushuntirdi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasining umumiy grafigi tunda eng past, ertalab yuqori ist’molni ko‘rsatadi, kunduzi soat 9:30 – 10:00 larda pasayadi, kun botishiga yaqin yana keskin ko‘tariladi.

“Shunda batareyalarni kechasi to‘ldirib, kunduzi, tig‘iz paytlarda bo‘shatishimiz mumkin. Juda katta effekt beradi. Bu juda qimmat texnologiya, lekin bu texnologiyaning narxi quyosh panellarining narxidan ham tez pasayib boryapti”, – deya qo‘shimcha qildi Sherzod Xo‘jayev. 

Ko‘proq yangiliklar: