Prezidentning Farg‘ona viloyatiga tashrifi, “Baxti Tashkentskiy”ga 20 yil so‘ragan prokuror, noto‘g‘ri qarorlari bekor bo‘lgan jizzaxlik hokimlar va Uchtepaning yangi hokimi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezidentning Farg‘onaga tashrifi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurdi.
Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida investorlar bilan uchrashib, viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar bilan tanishdi.
Jumladan, Uchko‘prikda keramik plitalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Saudiyaliklar esa Quvada isitish va sovitish tizimlarining ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish niyatida.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 7 yilda Farg‘ona viloyatiga qariyb 77 trln so‘mlik investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 116 mingta ish o‘rni va 4,5 mlrd dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan. Bu yil viloyatda 1,3 mlrd dollarlik mingdan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.
Viloyatda xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 7 mlrd dollardan ziyod 132 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan 2,1 mlrd dollarlik 25 tasi davlat rahbariga taqdimot qilindi.
Germaniyaning “Hyper Partners” kompaniyasi Beshariq tumanida 500 MW quvvatli quyosh elektr stansiyasi qurmoqda. Stansiya 675 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya chiqaradi. O‘zbekiston tumanida esa Xitoyning “Gezhouba Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda 150 MW quvvatli ilk elektr energiyasini saqlash tizimi barpo etiladi.
Prezident Farg‘onada yangi elektr stansiyalari va birinchi yirik batareya tizimi qurilishiga start berdi.
Kuni kecha qabul qilingan prezident qaroriga ko‘ra, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi Quvasoy shahri bo‘ylab 210 gektarga kengaytiriladi. Unda qiymati 1 mlrd dollarlik 185 ta loyiha joylashtirilib, 12 mingta ish o‘rni yaratiladi. Bundan tashqari, Qo‘qon shahrida 230 gektar maydonda “O‘zbekiston – Xitoy” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi.
Beshariq tumanida Germaniyaning “Hyper Partners” kompaniyasi bilan 500 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda. 350 million dollarlik mazkur loyihaning dastlabki 200 megavatti shu yilning o‘zida tarmoqqa ulanib, kelgusi yilda to‘liq ishga tushiriladi. Unda yiliga 1 milliard 600 million kilovatt-soat yoki 675 ming xonadonning bir yillik iste’moliga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi. Natijada 466 mln metr kub tabiiy gaz tejaladi.
Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, bitgan korxonalar faoliyatini va yangi loyihalar qurilishini boshlab berdi.
Mirziyoyev Qo‘qon aeroportiga parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi
Aeroportda 100 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan yangi terminal qurilgan, uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi ta’mirlangan. Zamonaviy aeronavigatsiya uskunalari o‘rnatilgan. Bu ishlar natijasida aeroport A 320-200 va ATR 72-600 rusumli samolyotlarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev aeroport xalqqa manfaat keltirishi lozimligini ta’kidladi. Buning uchun narx va xizmatlarni odamlarga qulay qilib, parvozlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Darvoqe, mahalliy aeroportlarga oid yana bir xabar: Termiz xalqaro aeroportidagi rekonstruksiya ishlari yakunlandi. Aeroportning aerodrom majmuasini qayta ta’mirlashning uchinchi bosqichi yakunlandi. Oxirgi bosqichda ikkinchi va asosiy yurish yo‘laklari uchastkasi hamda perronda 3 ta samolyot uchun turar joy ham barpo qilinib, unga yoritish moslamalari o‘rnatildi.
“Baxti Tashkentskiy” ustidan sud
10 iyul kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida kriminal olamda “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va 36 nafar sudlanuvchi ustidan sud tergovi yakunlanib, muzokara bosqichiga o‘tildi.
Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi Baxtiyor Qudratullayevga dastlabki tergov organi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan 44 ta epizod bo‘yicha ayb e’lon qilingan.
Prokuror muzokara nutqida B.Qudratullayevni 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilish, shuningdek, uni o‘ta xavfli retsidivist, deb topishni so‘ragan.
Davlat ayblovchisi sanab o‘tgan moddalar – jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarga doir jinoyatlarni ko‘zda tutadi.
Prokuror, shuningdek, sudlanuvchi B.Qudratullayevning o‘g‘illari – Bekzod Zafarovga 11 yil, Ixtiyor Qudratullayevga 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashni so‘ragan.
Keyingi sud majlisida advokat va sudlanuvchilar tinglanadi. Sud 15 iyulga qadar tanaffus e’lon qildi.
Jizzaxda hokimlarning qarorlari bekor bo‘ldi
Jizzaxda 10 ta tuman hokimining raqobatga zid qarorlari bekor qilindi.
Raqobat qo‘mitasining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2024 yilning birinchi yarmi mobaynida 10 ta tuman hokimligi va 9 ta tashkilotda jami 38 925 ta hujjat xatlovdan o‘tkazilgan. Shundan 124 ta hujjat, ya’ni 78 ta qaror, 32 ta farmoyish va 14 ta chiqim xatlarini qabul qilishda qonun talablari buzilgani aniqlangan.
Ish yurituvga olingan 4 ta holat bo‘yicha G‘allaorol, Paxtakor, Zafarobod tuman hokimliklari hamda viloyat Madaniyat boshqarmasiga ish qo‘zg‘atilgan va hududiy maxsus komissiyaning qaroriga asosan ko‘rsatmalar yuborilgan.
Shuningdek, Zarbdor, Do‘stlik, Arnasoy, Mirzacho‘l, Yangiobod, Forish va Baxmal tumanlari hokimliklariga qonunbuzilish holatlarini to‘xtatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan.
Uchtepa tumani hokimi lavozimidan ozod etildi
Toshkent shahri Uchtepa tumani hokimi Farhod Abdullayev boshqa ishga o‘tganligi sababli lavozimidan ozod etildi. U 2019 yil may oyidan beri ushbu lavozimda ishlab kelayotgandi.
Tuman hokimi vazifasini vaqtincha bajarib turish tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid Alimjonov zimmasiga yuklatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Farhod Abdullayev “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ raisi etib tayinlangan.