O‘zbekistonda ko‘mir qazib chiqarish yiliga 8 mln tonnaga oshiriladi

O‘zbekiston 08:01 / 10.07.2024 3318

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 iyul kuni geologiya sohasidagi ishlar va investitsiya loyihalari ijrosi bilan tanishdi. Mutasaddilar yil boshida belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan davlat rahbariga axborot bergan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi

Qayd etilishicha, o‘tgan 6 oyda respublikada qariyb 3 mln tonna ko‘mir qazib olingan. “Sharg‘unko‘mir” AJda mexanizatsiyalashgan yerosti komplekslari to‘liq ishga tushirilib, ko‘mir qazib chiqarish bir kecha-kunduzda 3,5 ming tonnaga yetkazilgan.

Ikkinchi yarim yillikda yana 5 mln tonnadan ziyod ko‘mir qazib olinishi rejalashtirilgan. Shundan 1,8 mln tonna issiqlik elektr stansiyalariga, 1 mln tonnadan ortig‘i aholiga, 540 ming tonna ijtimoiy muassasalarga yetkazib beriladi, 1,8 mln tonna mahalliy ko‘mir birja savdolariga chiqariladi.

Bu yil ko‘mir qazib chiqarish o‘tgan yilga nisbatan 1,4 mln tonnaga ko‘p bo‘lib, import hajmi sezilarli qisqargan.

Tarmoqda qator investitsiya loyihalari ham amalga oshirilmoqda. Xususan, “Nishbosh” konini o‘zlashtirishga Xitoyning Henan kompaniyasi 400 million dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan. Bu loyiha samarasida yerosti usulida yiliga 8 mln tonnagacha ko‘mir qazib chiqarish va shundan 5 mln tonnasini boyitish rejalashtirilgan.

“Mamlakatda kaolinning ham katta zaxirasi mavjud. Hozirda konlarni o‘zlashtirishga jalb qilingan tadbirkorlar tomonidan 396 ming tonna mahsulot qazib olinmoqda. Bu juda kam. Shu bois 2024—2025 yillarda Geologiya dasturi doirasida 7 ta kon tashabbuskorlarga taklif etiladi va bu orqali qazib olish hajmi 2 mln 700 ming tonnaga yetkaziladi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi “Apartak-3” koni negizida Turkiyaning Bab Energy ve Petrol Urunleri A.S. kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani ta’kidlandi. 15 mln dollarlik mazkur loyiha natijasida 40 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 70 ming tonna boyitilgan kaolin tayyorlanadi.

Shu yil 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident sanoat uchun muhim minerallar masalasiga alohida e’tibor qaratgan edi. Shundan so‘ng, bu yo‘nalishga ixtisoslashgan “O‘zbekiston texnologik metallar kombinati” AJ tashkil etilgan. Ilmiy va texnologik tadqiqot hamda geologiya-qidiruv ishlariga qaratilgan 40 mln dollarlik 34 ta loyiha ishlab chiqilgan. 

Bu tarmoqqa yetakchi xorijiy kompaniyalar va malakali ekspertlarni jalb qilib, o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, o‘tgan oyda Koreya Respublikasi prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasida “KIGAM” instituti bilan noyob minerallarni izlash, texnologik tadqiqotlar o‘tkazish va raqamlashtirish bo‘yicha 10 mln dollarlik grant loyihasi yuzasidan kelishuv imzolangan.

Prezidentga Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlikdagi umumiy qiymati 800 mln dollarlik loyihalarning borishi haqida ham axborot berilgan.

Davlat rahbari geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, olingan xomashyolardan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. 

Ko‘proq yangiliklar: