Prezidentning “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, Xitoy Hukumati, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi va O‘zbekiston Hukumati o‘rtasida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li loyihasini birgalikda amalga oshirishda hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Bitim tasdiqlangan. Mazkur Bitim 2024 yil 6 iyun kuni Pekin shahrida imzolangan.
Transport vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ etib belgilandi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni Xitoy poytaxti Pekin shahrida “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim imzolangandi.
“Mazkur temiryo‘l Xitoyni mintaqamiz bilan bog‘lovchi eng qisqa quruqlik yo‘liga aylanadi. Kelgusida ushbu yo‘l bizning mamlakatlarimizga istiqbolli Transafg‘on yo‘lagi orqali Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining keng bozorlariga chiqish imkonini beradi”, degandi Shavkat Mirziyoyev tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida.
Bitimga muvofiq, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temiryo‘li “Qashg‘ar – Torugart – Makmal – Jalolobod – Andijon” yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi. Mutaxassislarning qayd etishicha, yuk tashish yillik hajmi 15 million tonnagacha yetishi mumkin, tovarlarni yakuniy iste’molchilarga yetkazish muddati esa 7 kunga qisqaradi. Bundan tashqari, zamonaviy tranzit va logistika infratuzilmasi, omborxonalar va terminallar yaratiladi.
«Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston» temiryo‘li qurilishi oktyabr oyida boshlanishi mumkin. Loyihaning qiymati, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4,7 mlrd dollarni tashkil etadi.