“O‘zavtosanoat” rahbari prezidentga: Xitoyliklar bilan budjet modellar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdik

O‘zbekiston 15:29 / 10.07.2024 18838

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” zavodida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalar haqida hisobot bilan tanishdi.

Mazkur korxona shu yil 27 iyun kuni davlatimiz rahbari ishtirokida ishga tushirilgan edi. U BYD yengil avtomobillarini ishlab chiqaruvchi Xitoydan tashqaridagi ilk zavod bo‘ldi.

“O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov mazkur investitsiya loyihasining dastlabki natijalari va uni kengaytirishga qaratilgan rejalar to‘g‘risida axborot berdi.

Uning aytishicha, to‘liq ishlab chiqarish jaryonini ishga tushirish doirasida O‘zbekiston korxonalari tomonidan plastik qismlar, oynalar, bamperlar, disklar va boshqa ko‘plab komponentlar ishlab chiqarilishi bo‘yicha BYD sifat tizimiga mos kelishi uchun tahlil o‘tkazilgan.

“Aholining yengil avtotransport vositalariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ularning turlarini kengaytirish maqsadida xitoylik hamkorlar bilan V, S va budjet segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ularning birinchi namunalari xitoylik hamkorlar tomonidan zamonaviy standartlashtirish tizimi sinovlarini o‘tkazish uchun laboratoriyalarga topshirildi”, – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, Jizzaxdagi “BYD Uzbekistan Factory” kompaniyasiga malakali mutaxassislarni jalb qilish maqsadida Jizzax politexnika instituti va Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bilan birga yuqori malakali mutaxassislarni o‘qitish bo‘yicha muhandislik o‘quv markazini tashkil qilish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Taqdimotda ishlab chiqarish hajmini belgilangan ko‘rsatkichlarga yetkazish hamda mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasi quvvatlarida ishlab chiqarishni tezlashtirish, hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, kelgusida ishlab chiqarish quvvatini yillik 500 ming donaga yetkazish va eksport bozorlariga chiqish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘ydi.

Ko‘proq yangiliklar: