O‘zbekistondagi elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari mamlakatdagi talabni to‘liq qondira oladi, dedi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sherzod Xo‘jayev.
Energoregulyator rahbari bu haqda iqtisodchi Otabek Bakirov bilan uning “Dialog” nomli dasturidagi suhbatida aytib o‘tdi.
“Bugungi kunda, ishontirib aytishim mumkin, generatsiya quvvatlarimiz O‘zbekistondagi talabni to‘liq qondira oladi. Ya’ni elektr energiyasini yetarli miqdorda ishlab chiqarishda hech qanday muammo-masala qolgani yo‘q. Chunki juda katta quvvatli yangi elektr stansiyalari – IESlar, QESlar va ShESlar ishga tushirildi”, dedi Xo‘jayev.
Bir necha yil oldin energetika sohasi regulyatori haqidagi hujjat loyihasi e’lon qilinganida, regulyator nafaqat elektr energiyasi, balki tabiiy gaz sohasini ham tartibga solishi ko‘zda tutilgan edi. O‘tgan yili qabul qilingan, energoregulyatorni tashkil etish haqidagi farmonda esa bu tashkilot faqat elektr energiyasi sohasi bilan shug‘ullanishi belgilandi. Otabek Bakirov tashkilot rahbaridan bu o‘zgarishning sababini so‘radi.
“Elektr energiyasi sohasi – energoregulyator uchun birinchi bosqichdagi vazifa. Dunyoning ko‘p mamlakatlarida bo‘lgani kabi, energoregulyator ham elektr energiyasi, ham tabiiy gaz, ham ko‘mir, ham neft mahsulotlari sohasini qamrab oladi. Lekin biz elektr energiyasi yo‘nalishi bo‘yicha biroz ilgariroqda bo‘lganimiz uchun... Ya’ni [bu sohada] bozor konsepsiyasi ishlab chiqilgan, ma’qullangan. Oddiy tilda aytganda, energoregulyator elektr energiyasi sohasida buyog‘iga nima ish qilishi kerakligi aniq. Tabiiy gaz sohasida hali bu bosqichga yetib kelingani yo‘q. O‘ylaymanki, tabiiy gaz sohasida ham aniq vazifalar va yo‘nalishlar belgilanganidan so‘ng ushbu vazifa energoregulyatorga yuklatiladi”, – dedi energoregulyator rahbari Sherzod Xo‘jayev.