AQSh Ukrainadagi urushda tomonlardan hech biri oldinga siljishini kutmayapti

Jahon 13:19 / 10.07.2024 3757

Yaqin oylar ichida Rossiya Ukrainada hududlarni egallash bilan bog‘liq sezilarli muvaffaqiyatlarga erisha olmaydi. Chunki Rossiya qo‘shinlari Ukraina mudofaasini juda qiyinchilik bilan yorib o‘tmoqda, deb yozmoqda The New York Times gazetasi g‘arblik rasmiylar va ekspertlarga asoslanib.

NYT hamsuhbatlarining bildirishicha, Rossiya masalan, safarbarlik ko‘lamini oshirish ko‘rinishida qandaydir «yirik strategik siljish»ni amalga oshirsa, ularning baholashlari dolzarbligini yo‘qotishi mumkinligini ta’kidlagan. Shuningdek, AQShning Ukraina va Rossiyaga nisbatan siyosati o‘zgarsa ham taxminlar o‘zini oqlamasligi mumkin, degan gazeta manbalari.

Garchi Rossiya yaqin orada Ukrainaning katta hududlarini egallay olmasligi aniq bo‘lsa-da, Kiyevning ham ishg‘ol etilgan hududlarni qaytarishga bo‘lgan istiqbollari kamayib bormoqda, deb ta’kidlaydi NYT. Ukraina bugun mudofaani mustahkamlashga va Rossiyaning ichkarisiga zarbalar berishga o‘z diqqatini qaratgan. Amerika rasmiy shaxslari xususiy tartibda Ukraina barcha yo‘qotilgan hududlarini qaytarib olishi «amalda imkonsiz» ekanini ta’kidlab, biroq Kiyev jang maydonida muvaffaqiyat qozonadigan bo‘lsa, kattaroq Yevropa integratsiyasini talab qilishi mumkinligini aytmoqda.

So‘nggi 18 oy ichida Rossiya ham, Ukraina ham «front chizig‘ini juz’iy o‘zgartirish imkoniyatlariga ega emasligi» oydinlashdi, degan Karnegi fondi katta ilmiy xodimi Erik Chiaramella. «Ukraina kuchlari holdan toygan, ularning oldida og‘ir urush oylari turibdi, biroq Rossiyaning yirik yorib o‘tishi ehtimoli hozir past», — deya uning fikrini ma’qullagan hamkasbi Maykl Kofman.

NYT hamsuhbatlarining baholashlariga ko‘ra, AQSh va uning ittifoqchilari Ukraina o‘z pozitsiyalarini saqlab qolib, Rossiyani holdan toydirishi uchun uzoq muddatli investitsiyalar kiritishi kerak bo‘ladi. «Bu hamon o‘ta beqaror ssenariy. Mana, nima uchun g‘arblik yetakchilar Ukrainani Yevropa va transatlantika xavfsizlik tizimlariga integratsiya qilish uchun diqqatlarini jamlashlari kerak», — degan Chiaramella

Vashingtonda o‘tayotgan NATO sammiti qatnashchilari Ukraina uchun yangi moliyalashtirishni va’da berishi, Shimoliy Atlantika alyansining qurol-yarog‘ yetkazib berishni muvofiqlashtirish bo‘yicha rejalarini e’lon qilishi va Ukraina alaloqibatda blokning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi haqidagi va’dalarini tasdiqlashi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: