Xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatilgan. Bu haqda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov “Lolazor”loyihasidagi suhbat davomida aytib o‘tgan. Sharipovning izoh berishicha, hozirgacha O‘zbekistonda xususiy oliygohlar yetarlicha, endi ulardagi ta’lim sifati nazorati kuchaytirilyapti. Vazir oliygohlarda ta’lim sifati tushib ketsa, kadrlar ishsiz qolib ketishi, jamiyatda ishsiz oliy ma’lumotlilar ko‘payib ketishi mumkinligini bildirgan.
“Shu sababdan hozir xususiy universitetlarga litsenziya berish to‘xtatildi. Hozir bor universitetlar bilan ishlanyapti. Ta’lim sifati nuqtai nazaridan barcha oliy ta’lim muassasalari tekshiruvdan o‘tyapti. Qaysida salohiyat yetishmayotgan bo‘lsa yoki hajmi ko‘payib ketayotgan bo‘lsa, ularga xat berilyapti. Ma’lum bir vaqt ichida to‘g‘rilashsa, ularning faoliyatiga hech qanday xalaqit bo‘lmaydi. Aytaylik, bunga javob bermaydiganlar sudga berilyapti. Sud jarayonida ular o‘zlarini oqlasa, litsenziyasi saqlab qolinyapti. Qolmasa, bekor bo‘ladi”, – degan Qo‘ng‘irotboy Sharipov.
Shuningdek, u mamlakatda davlat universitetlari bilan bor qatorda xususiylar ham bo‘lishi muhimligini, nodavlat oliygohlar talabalarning xorijga ketib qolmasligiga yordam berishini, ular “balansni ushlab” turadi degan fikrdaligini qo‘shimcha qilgan.
“Davlat universitetlarida talabalarning maksimal sig‘imini olib bo‘ldik. Aholi soni 2 barobar ko‘payib ketdi, lekin binolarni 2 barobar ko‘paytirish qiyin. Ular qo‘shni davlatlarga chiqishni boshladi. Endi bularning hammasi ham o‘qiyaptimi? Firibgarlarga tushib qolib, soxta diplom olayotganlar ham bor. Bu biz bilganlarimiz, bilmaganlarimiz ham bor. Mana shu muammoning yechimi xususiy universitetlar ochilishi deb o‘ylayman”, – degan vazir.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2023 yil fevral oyidan beri xususiy OTMga litsenziya berilmay kelayotgan edi. Lekin bu hali biror rasmiy minbarda tan olinmagandi.
Oldinroq, Kun.uz yopilayotgan nodavlat oliy ta’lim muassasalari haqida surishtiruv e’lon qilgan edi.