Toshkentda bedarak yo‘qolgan 6 yoshli bolaning jasadi quvur ta’miri uchun kovlangan chuqurdan topildi

O‘zbekiston 19:07 / 09.07.2024 26286

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida bedarak yo‘qolgan bolaning jasadi chuqurdan topildi.

Bedarak yo‘qolganlarni topishga yordam beruvchi UzAlert kanalining yozishicha, 6 yoshli Ayubxon Abdullayev (Sunatilla) 8 iyul kuni soat taxminan 18:00 larda Uchtepa tumanida joylashgan savdo do‘koniga borib kelish uchun uydan chiqib, qaytib kelmagan. Bir necha soat davom etgan qidiruv ishlaridan keyin uning jasadi tezkor xizmat xodimlari tomonidan 9 iyul kuni tongda otasi ishlaydigan sex yaqinidagi chuqurdan topilgan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov holat yuzasidan munosabat bildirdi. Uning ma’lum qilishicha, xizmat ko‘rsatuvchi korxona ishchilari tomonidan yorilgan issiq suv quvurini ta’mirlash maqsadida kovlangan chuqur ochiq holatda qoldirilgan va uning atrofida xavfsizlik to‘siqlari o‘rnatilmagan. Oqibatda ushbu noxush holat yuz bergan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat kodeksining 257-moddasiga ko‘ra, texnika xavfsizligi, sanoat sanitariyasi yoki mehnatni muhofaza qilishning boshqa qoidalarini shu qoidalarga rioya etilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs tomonidan buzilishi odam o‘lishiga sabab bo‘lsa, muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

2024 yilning may oyi boshida Chilonzor tumani hududida ham shunga o‘xshash ko‘ngilsiz xodisa yuz bergan di: shamol ham, yomg‘ir ham bo‘lmagan kunda ko‘p yillik daraxt qulab tushgan va oqibatda 1 yoshli bola halok bo‘lgandi. Surishtiruvda daraxt qulashiga Veolia Energy Tashkent issiqlik yetkazib berish kompaniyasi xodimlari va boshqa mas’ul idoralarning mas’uliyatsizligi hamda harakatsizligi sabab bo‘lgani oydinlashgan.

Ko‘proq yangiliklar: