Ukrainadagi urushning 866-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
Rossiya qo‘shini Ukraina bo‘ylab yopirilma raketa zarbalari yo‘lladi.
Kiyevda Rossiya zarbasi oqibatida «Oxmatdet» bolalar shifoxonasi binosi vayron bo‘ldi. RF mudofaa vazirligi esa shifoxonaga ukrainlarning havo hujumidan mudofaa raketalari qoldiqlari tushganini xabar qilgan — ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlarga ko‘ra, bu rossiyaliklarning X-101 raketasi to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib urilishi bo‘lgan.
Viktor Orban Pekinga tashrif buyurdi va Si Jinping bilan uchrashdi. Bungacha u Kiyev va Moskvada bo‘lgandi.
Belgorod oblasti Nikolskoye qishlog‘ida ukrainlar zarbasi oqibatida uch kishi halok bo‘lgan.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Rossiyaga uchib keldi va Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi.
FSB Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan Tu-22M3 rusumli bombardimonchi samolyot olib qochilishiga bo‘lgan urinishning oldi olingani haqida e’lon qildi.
Rossiya qo‘shini 8 iyul kuni Ukraina bo‘ylab so‘nggi oylardagi eng yirik raketa zarbalarini yo‘lladi. Ukraina qurolli kuchlari havo kuchlari qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab turli tipdagi jami 38 raketa yo‘llangan — shaharlarga ham qanotli, ham ballistik raketalar uchib kelgan, shundan 30 tasi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilgan. Zarbalar Kiyev, Dnipro, Kriviy Rih va boshqa shaharlarga kelgan. Ukraina hukumati bu zarbalar nishoni fuqarolik infratuzilmalari bo‘lganini bildirdi. Kiyevda raketalardan biri «Oxmatdet» bolalar shifoxonasi binosini vayron qildi.
RF mudofaa vazirligi va Kreml esa Rossiya qo‘shini faqat «muhim infratuzilma obektlari, u yoki bu darajada harbiy salohiyat bilan bog‘liq bo‘lgan harbiy nishonlar»ga zarba berishini aytishda davom etmoqda. Quyida Rossiyaning 8 iyul kuni Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlari bo‘ylab raketa zarbalari oqibatlari aks etgan suratlar.