Rossiya Davlat dumasi rossiyaliklar uchun XXI asrdagi eng yirik soliq oshishini tasdiqladi

Jahon 23:27 / 09.07.2024 5914

Bu soliq oshishi XXI asrda rossiyaliklar uchun eng yirigi bo‘ladi, chunki 2001 yildan buyon Rossiyada JShDS uchun 13 foizlik tekis shkala amalda edi, 2021 yildan buyon yiliga 5 mln rubldan ortiq daromad qilayotganlar uchun 15 foizlik stavka amalga kiritilgan edi.

Davlat dumasi ikki o‘qishda qabul qilgan qonun loyihasiga ko‘ra, oyiga 200 ming rubl (yiliga 2,4 mln rubl) topadigan rossiyaliklar uchun soliq stavkasi 13 foizdan 15 foizga ko‘tariladi, yiliga 5 mln rubldan 20 mln rublgacha topadiganlar uchun 18 foiz, 20–50 mln rubl topadiganlarga 20 foiz, 50 mln rubldan ortiq pul topadiganlarga 22 foiz qilib belgilanmoqda. Bu holda oshirilgan soliq barcha daromaddan emas, o‘rnatilgan chegaralardan ortgan qismdan to‘lanadi.

Bu o‘zgarishlar «maxsus harbiy amaliyot ishtirokchilari»dan boshqa barchaga taalluqli bo‘ladi. Shuningdek, budjetga qo‘shimcha yig‘imlardan kambag‘al ko‘p bolali oilalar ham ozod qilinadi. Ikki farzanddan ko‘p, oila jon boshiga daromad 1,5 yashash minimumidan ortmaydiganlar hattoki kamroq to‘lashadi: standart 13 foiz o‘rniga, 7 foiz.

Rossiya Moliya vazirligining baholashicha, 2025 yilda budjet tizimi JShDS oshishi tufayli qo‘shimcha 533 mlrd rubl oladi, ko‘rsatkich 2030 yilgacha 3,1 trln rublga yetadi. Moliya vaziri Anton Siluanov hukumat qo‘shimcha mablag‘larni ijtimoiy dasturlarga yo‘naltirishini aytgan.

Rossiyada JShDSning progressiv shkalasini joriy etishni Federal kengashga murojaatnomasida taklif etgan RF prezidenti Vladimir Putin qonunchilikka kiritilishi lozim bo‘lgan barcha o‘zgarishlar avgust oyi oxirigacha yakunlanishi kerakligini ta’kidlagan edi. Qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda u 2025 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgarish soliq to‘lovchilarning atigi 3,2 foiziga ta’sir ko‘rsatadi.

JShDSning taklif qilingan oshirilishi o‘ta «radikal» degan Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi raisi Aleksandr Shoxin. Uning so‘zlariga ko‘ra, maksimal stavkani 18 foiz bilan chegaralash kerak, chunki yuklama «yuqori malakali ishchilar, injyenerlar» zimmasiga tushadi.

Soliqlarning oshirilishi Putinga «Ukrainadagi urushni moliyalashtirishda» yordam beradi, degan Bloomberg Economics’ning Rossiya bo‘yicha bosh iqtisodchisi Aleksandr Isakov. Bu yil federal budjet mudofaa uchun rekord darajadagi 10,9 trln rubl sarflaydi, xazinadagi harbiy xarajatlar ulushi qariyb 30 foizga yetadi — bu SSSR vaqtlaridan buyon misli ko‘rilmagan natija.

Ko‘proq yangiliklar: