Markaziy Osiyo xalqaro instituti eksperti Turdiqul Bo‘tayarov fikricha, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li qurilishining to‘xtab qolishiga mablag‘ yetmagani, moliyalashtirish masalalaridagi muhokamalar sabab bo‘lgan. Gigant davlatlarning bunga ta’siri yo‘q, shu yilning avgust oyidan qurish boshlanadi, deydi u.
O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalarining amaldagi rahbariyati ikki o‘rtadagi chegara va hudud muammolariga deyarli nuqta qo‘ygan. Rasmiy Toshkent Japarov davrida Bishkek bilan til topisha oldi. Qirg‘iziston prezidentining o‘zi ham davlatlar yer talashuvidan charchaganini, nizolarni hal qilish, muammolarni yechish payti kelganini Toshkentga tashrifi chog‘ida aytgandi. Hozir hukumatlar yana bir muhim loyiha – Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temiryo‘li ustida ishlamoqda. 2022 yilning sentabrida bunga start berilgan bo‘lsa-da, hali-hanuz qurilish ishlari boshlanmagan.
Ekspert doiralari vakillari temiryo‘l qurilishining paysalga solinishini Rossiyaning Bishkek vositachiligidagi ta’siri bilan bog‘laydi. Chunki bu temiryo‘l qurilsa, savdo ortidan mintaqada Xitoyning ta’siri ortib ketish ehtimoli yuqori.
9 iyul kuni Markaziy Osiyo xalqaro institutida O‘zbekiston va Qirg‘iziston aloqalariga bag‘ishlangan konferensiyada ham bu asosiy mavzulardan bo‘ldi. Unda qatnashgan ekspert Turdiqul Bo‘tayarov fikricha, rasmiy Bishkek moliyalashtirish masalalarini jiddiy o‘yladi. Qarz olishni istamadi. Jarayonning to‘xtatilishiga Rossiya ta’siri omilini esa siyosatshunos “eski paytning gapi” deya baholadi.