Bayden prezidentlik poygasidan chiqsa nima bo‘ladi: demokratlar uchun plyuslar va minuslar

Jahon 20:06 / 09.07.2024 13679

81 yoshli prezidentning o‘zi, Donald Tramp bilan debatdagi o‘ta muvaffaqiyatsiz ishtirokiga qaramay, kampaniya olib borishga va g‘olib chiqishga qodirligini aytib kelmoqda. Bunga esa hamma ham ishonmayapti, ammo agar uni nomzodini qaytarib olishga ko‘ndirishsa ham, uning o‘rniga kim nomzod bo‘lishi va muqobil nomzod Trampga qanday qarshilik ko‘rsatishi borasida savollar tug‘iladi.

Yakshanba kuni demokratlarning Vakillar palatasidagi fraksiyasi rahbariyati boshqa mavzular qatorida Baydenning nomzod sifatidagi imkoniyatlarini ham muhokama qildi.

Amerikadagi CBS telekanali ma’lumotiga ko‘ra, telekonferensiya ishtirokchilaridan to‘rt nafari Baydenning poygadan chiqishini yoqlagan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, yana kamida uch kishi prezidentning imkoniyatlari borasida xavotirini bildirgan.

Demokratik partiyadagi qator taniqli arboblar dam olish kunlarida televideniye orqali chiqishlarida Bayden bilan qolish yoki yangi nomzodni sinab ko‘rishdan qaysi biri xavfliroq ekani haqidagi fikrlarini bildirishgan.

Baydenning o‘zi esa hamon qat’iyat bildirmoqda.

Dushanba kuni u ayrim demokratlarning saylovni tark etish borasidagi chaqiriqlariga qaramay, prezidentlik poygasida ishtirok etishga yana bir marta va’da berdi.

Dushanba kuni demokrat kongressmenlarga yo‘llangan maktubda, AQSh prezident agar Donald Trampni yengishiga mutlaqo amin bo‘lmaganida, ikkinchi muddatga nomzodini qo‘ymagan bo‘lishini aytdi.

Plyuslar: yangi start

Shu vaqtga qadar Baydenni himoya qilib kelgan demokratlar orasida ham prezidentning yoshi va aqli rasoli borasidagi savollarga ko‘z yumib bo‘lmasligini aytayotganlar paydo bo‘lmoqda.

Tramp bilan debatlar amerikaliklar orasida amaldagi prezidentda Donald Trampni yengish uchun energiya topiladimi yoki yo‘qmi degan savollarni tug‘dirdi, dedi yakshanba kuni NBC efirida Kaliforniya shtatidan bo‘lgan demokrat kongressmen Adam Shiff.

Shu bilan birga, Shiff to‘g‘ridan to‘g‘ri Baydenni saylovdan chiqishga chaqirmagan — hozircha bunday pozitsiya Vakillar palatasidagi faqat besh nafar demokrat tomonidan bildirilgan.

Buning o‘rniga Shiff Baydenga «yetarlicha masofa saqlovchi va xolis bo‘lgan» odamlardan maslahat olishni, shundan keyingina o‘zini qanchalik yaxshi nomzod yoki yo‘qligini hal qilishni taklif etgan.

«Jo Baydenning aql bovar qilmas yutuqlarini, Donald Trampning dahshatli ishlarini hisobga olsak, u [Bayden] Donald Trampning burnini yerga ishqalashi kerak... Ular bir-biriga teng kelmasligi kerak, Bayden oldinga o‘zib keta olmasligining yagona sababi esa — uning yoshidir», — degan Shiff.

Ammo shu o‘rinda Shiff urg‘uni o‘zgartirib, saylovchilardan 78 yoshli Tramp 81 yoshli Baydendan u qadar yosh emasligini e’tiborga olishni so‘raydi. Ammo demokratlarning muammosi shundaki, sabab — Baydenning yoshi emas, balki uning jismoniy holatidir.

Siyosiy spektrning so‘l qismida saylovchilar Baydenning imkoniyatlariga ishonchini yo‘qotmoqda. Wall Street Journal buyurtmasi bilan o‘tkazilgan va juma kuni e’lon qilingan so‘rovnomaga ko‘ra, demokratlarning 86 foizi Baydenga ovoz berishini ma’lum qilgan. Fevralda bu kogortaning 93 foizi unga ovoz berishga tayyor edi.

Demokratlarning yangi nomzodida Baydenning siyosiy bagaji bo‘lmaydi, bu ham uning imkoniyatlarini pasaytirib turibdi. Demokratlar orasida prezidentning holati yuzasidan vahima ko‘tarilishidan oldin ham ko‘pchilik uni iqtisodiy vaziyatdan tortib Meksikadan muhojirlar oqimi nazorat qilinmayotganigacha bo‘lgan turli masalalarda tanqid qilishardi.

Progressiv saylovchilar Bayden ma’muriyati Isroilni qo‘llashiga ham ro‘yxushlik bermagan. Natijada eng muhim shtatlardan (ikkilanuvchi) biri bo‘lgan Michiganda fevral oyida o‘tkazilgan demokratlar praymerizida — 100 mingga yaqin saylovchi Baydenga ovoz bermagandi.

Baydenning reytingi pasayishi demokratlarning prezidentlik saylovlari bilan bir vaqtda o‘tadigan boshqa lavozimlar uchun saylovlardagi imkoniyatlariga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Bugunmi, ertagami, yoki shu haftada qachondir, biz Kongress a’zolarining jiddiy bosimiga guvoh bo‘lamiz, ular hozirgi vaziyat bizni qanoatlantira olmasligini aytishadi», — degan Fox News uchun intervyuda ohayolik sobiq kongressmen Tim Rayan.

Minuslar: noma’lumlik juda ko‘p

Senator Berni Sanders Jo Bayden endilikda samolyot trapi bo‘ylab rafiqasi kabi dadil harakatlana olmasligini aytadi

Demokratik partiyada har qanday yangi nomzod o‘zi bilan nafaqat afzalliklarni, balki jiddiy tavakkalchilikni ham olib kelishi mumkin degan qarash mavjud.

Agar prezident saylovdan chiqdi deb tasavvur qilsak, shundan keyin nima bo‘lishi noma’lum: uni kim almashtirishi mumkin, butun partiya nomidan bunday nomzod qanday ma’qullanadi va eng muhimi, bu nomzod qanday qilib Trampga qarshi turadi?

Baydenning bir qancha ittifoqchilari so‘nggi kunlarda amaldagi prezident boshqalardan farqli ravishda Trampni yengishga qodirligini ko‘rsatganini ta’kidlashmoqda.

«Bayden qaridi, — deya tan oladi 82 yoshli senator Berni Sanders yakshanba kuni CBS uchun bergan intervyusida. — U qachonlardir bo‘lgani kabi jumlalarni aniq tuza olmaydi. Istardimki, u prezidentlik samolyoti trapi zinalaridan chopqillab chiqsa. U esa buni qila olmaydi. Ammo biz siyosatga e’tibor qaratishimiz lozim — uning siyosati mamlakat aholisining katta qismiga foyda keltirgan va bundan keyin ham foyda keltiradi».

Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom o‘tgan haftaning dam olish kunlarini Bayden uchun saylovoldi tashviqoti bilan o‘tkazdi va hamma joyda shanba kuni Pensilvaniya shtati Doylstaun shahrida o‘tkazilgan mitingda aytgan gaplarini takrorladi: «Bu bizning nomzodimizni ilgari surishimizga xalaqit beradigan faraziy savol. Boshqa partiya aynan shuni istamoqda — biz o‘zaro bahslashishimizni — va bu biz uchun haddan tashqari zararli».

«Biz bu haqda gapirishni bas qilishimiz kerak, — deya uning so‘zlariga qo‘shiladi michiganlik kongressvumen Debbi Dingell CNN efirida. — Biz bunga bir haftani sarfladik. Respublikachilar bizni masxara qilishmoqda. Jiddiy ravishda Donald Tramp va u qanday chiqish qilgani haqidagi gaplarga qaytishimiz kerak».

Kamala Harris: ehtimoliy yechim

Kamala Harris Jo Baydendan yoshroq, ammo u ham Oq uyning hozirgi ma’muriyatining barcha harakatlari uchun birdek mas’ul

Yuqorida eslab o‘tilgan Tim Harris o‘tgan haftada ehtimoliy nomzodni taklif etgandi — vitse-prezident Kamala Harrisni.

«Men biz uchun eng yaxshi variant  — Kamala Harris ekaniga qat’iy ishonaman. — deya yozdi u Newsweek uchun kolonkasida. — Harrisning nomzodi — biz shu kunlarda ko‘rayotganimiz Jo Baydennikidan ko‘ra kattaroq tavakkalchilik ekanini aytayotganlar real dunyoda yashamaydi».

59 yoshda bo‘lgan Harris shu kunlarda Jo Baydenga sodiqligini ko‘p bor takrorladi, ammo uning nomzodini prezidentlik lavozimiga ko‘rsatish g‘oyasining nufuzli tarafdorlari ham bor.

Adam Shiff yakshanba kuni Harris Trampni «katta farq bilan» yengishga qodirligini aytdi.

Harrisning tarafdorlari 2020 yilgi praymerizlarda, o‘sha yilgi prezidentlik saylovlari kampaniyasida ishtirok etib sinovdan o‘tgani, isteblishment va Demokratik partiya donorlariga yaxshi tanish ekani uning foydasiga xizmat qilishini aytishmoqda.

Harris «o‘z ishini biladi», degan yakshanba kuni ABC uchun intervyuda Demokratik partiyaning Milliy qo‘mitasi sobiq raisi Donna Brazil.

«Bayden-Harris tandemini qo‘llash uchun partiya qurultoyiga saylangan delegatlardan Harris nomzodini chetlab o‘tishni so‘rash — bu siyosiy xato bo‘lgan bo‘lardi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Chindan ham shunday, Harris vitse-prezident sifatida tanlanishiga uning qora tanli ekani ham sabab bo‘lgan va hozirda yangi nomzodi qidirilayotganida uni bir chetga surib qo‘yish — demokratlarning an’anaviy elektoratining kattagina qismini o‘zingga qarshi qilib qo‘yishni anglatadi.

Shu bilan birga, Harrisning nomzodi borasida ham jiddiy kamchiliklar bor: barcha ham u «o‘z ishini bilib qilishi» haqidagi tezis to‘g‘riligiga amin emas. Qolaversa, yosh — saylovchilarning Baydenga nisbatan yagona shikoyati emas, unga qaratilgan barcha e’tirozlar uning vitse-prezidentiga ham taalluqli bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: