“Hududlarning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bo‘sh yer uchastkalaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qaror bilan quyidagilar tasdiqlangan:
– urbanizatsiya jarayonlarini jadallashtirish, shaharlar va tumanlar markazlarini rivojlantirish hamda aglomeratsiya hududlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar ro‘yxati;
– aholi va sayyohlar uchun barcha qulayliklarga ega turizm maskanlarini tashkil etishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar va shaharlar ro‘yxati;
– Germaniya xalqaro hamkorlik tashkiloti (GIZ) bilan hamkorlikda kompleks iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan master-rejalar ishlab chiqiladigan tumanlar ro‘yxati.
Aholi ehtiyojidan kelib chiqib ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar majmualarini tashkil qilish master-rejalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.
Qayd etilishicha, 2024 yil 1 avgustdan yil yakunigacha belgilangan master-rejalarga muvofiq zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari va servis obektlarini, jumladan joylashtirish vositalari, turar joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlarini tashkil qilish uchun master-reja hududidagi yer uchastkalari auksion savdolariga chiqariladi.