200 kWh'gacha bo‘lgan me’yorni oshirishga asos yo‘q - Energetika vazirligi

O‘zbekiston 14:50 / 09.07.2024 37772

Ijtimoiy tarmoqlarda aholi uchun 2024 yil 1 maydan joriy qilingan elektr energiyasi iste’molining 200 kWh miqdoridagi oylik bazaviy me’yori keng muhokamalarga sabab bo‘lyapti.

Muhokamalar yuzasidan energetika tizimi tashkilotlari birgalikda bayonot bilan chiqdi.

Unda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 apreldagi qarori bilan joriy yil 1 maydan maishiy iste’molchilarga elektr energiyasi uchun bir oylik iste’molning bazaviy me’yorlari tasdiqlangani eslatiladi.

«Bundan asosiy maqsad iste’molchilarda elektr energiyasi iste’moli samaradorligini oshirish, davlat tomonidan aholining xarajatini qoplashga ajratilayotgan mablag‘larni to‘g‘ri va manzilli taqsimlash hamda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda ta’minlash hisoblanadi», – deyiladi bayonot avvalida.

Tahlillarga ko‘ra 2024 yilda respublika aholisi tomonidan jami 21,2 mlrd kWh elektr energiyasi iste’mol qilinishi rejalashtirilgani, shundan yil davomida o‘rtacha oylik iste’moli 200 kWh'gacha bo‘lgan iste’molchilar jami abonentlarning 60 foizini tashkil etishi ta’kidlangan.

«Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda elektr energiyasi iste’moli yil davomida keskin o‘zgarmasligini inobatga olib, yil davomida bir xil bazaviy me’yor joriy qilingan.

Birinchidan, hozirgi vaqtda 1 kWh  elektr energiyasining tannarxi 895 so‘mni (QQS bilan 1 002 so‘mni) tashkil etadi.

Aholiga yetkazib berilayotgan har bir kWh  elektr energiya uchun bazaviy me’yor doirasida 552,4 so‘m, 201 kWh'dan 1000 kW/h’gacha esa 102,1 so‘m davlat tomonidan har bir iste’molchiga qoplab berilmoqda.

1 kWh elektr energiyasi ishlab chiqarish xarajatlari 741,93 so‘mni, transportirovka xarajati 57,8 so‘mni, taqsimlash va sotish xarajatlari 202,4 so‘mni tashkil etadi.

Bunda, davlat 200 kWh’gacha elektr energiyasi iste’mol qilgan aholi (iste’molchilarning 71 foizi) uchun 447,0 mlrd so‘m, 201-1 000 kWh'gacha elektr energiyasi iste’mol uchun 30,2 mlrd so‘m qoplab bermoqda.

Ikkinchidan, bazaviy me’yor bu elektr energiyasining bir oyda 200 kWh'gacha bo‘lgan iste’mol hajmi hisoblanib, ushbu iste’mol doirasida barcha maishiy iste’molchilar har bir 200 kWh'uchun “imtiyozli” narxda ya’ni 450 so‘m (QQS bilan)dan haq to‘laydilar», – deya ta’kidagan tizim tashkilotlari.

Bayonotda keltirilishicha, joriy yil iyun oyida 71 foiz aholi 200 kWh'gacha elektr energiyasi iste’mol qilgani aniqlangan. 

«Bundan ko‘rinadiki, iste’molchilarning 71 foizi belgilangan limit doirasidan chiqmagan. Shu bois, yaqin istiqbolda iste’molchilarga qo‘llanilayotgan oylik 200 kWh'gacha bo‘lgan bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emas», – deyiladi xabarda.  

Bundan tashqari, 22 foiz iste’molchi 201 kWh'dan 1000 kWh’gacha iste’mol qilgan va 900 so‘mdan haq to‘lagan. Bunda elektr energiyasi iste’moli 201 kWh'dan 300 kWh'gacha bo‘lgan iste’molchilar salmog‘i 11 foizni tashkil etgan.

Mas’ul idoralarining izoh berishicha, 300 kWh'gacha elektr energiyasi iste’mol qilganlar to‘liq 900 so‘mdan haq to‘lamaydi. Bunda 200 kWh'gacha 450 so‘mdan, qolgan 100 kWh'ga 900 so‘mdan to‘laydi. Ya’ni, 300 kWh elektr iste’mol qilganlarga nisbatan ham narxlar keskin oshmagan (bazaviy me’yordan ortiqcha 100 kWh iste’mol uchun 45 000 so‘m (100*450) qo‘shimcha to‘lagan). Bunda ushbu 900 so‘mlik ta’rif ham elektr energiyasining tannarxidan kam.

«Qolgan 7 foiz aholi 1001 – 10 000 kWh elektr energiyasi iste’mol qilib, 1 350 so‘mdan to‘lovlarni amalga oshirgan.

Bunday xonadonlar subsidiyaga muhtoj bo‘lmagan, birlamchi ehtiyojlardan tashqari qo‘shimcha qulayliklarga ega shaxslar, xususan, elektromobil(lar)i, hovlisida basseyn, fontan, ko‘plab yoritkich jihozlari yoki qimmatbaho boshqa elektron maishiy qurilmalari mavjud xonadonlar hisoblanadi», – deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Vakolatli idoralar 1 000 kWh elektr energiyasi iste’mol qilgan 1 ta xonadon tejamkor va energiya samarador 10 ta iste’molchi, 10 000 kWh elektr energiyasi iste’mol qilgan 1 ta xonadon esa tejamkor 100 ta iste’molchi iste’moliga to‘g‘ri keluvchi iste’molni amalga oshirishi ma’lum bo‘lganini ta’kidlamoqda.  

Shuningdek, respublika bo‘yicha jami 1,1 mlrd kWh elektr energiyasi iste’mol qilingan. Shundan iste’molchilarning 71 foizi 200 kWh'gacha elektr energiyasi iste’mol qilgan va ular jami iste’molning 40 foizini tashkil etadi. 

Yana 11 foiz iste’molchi 201 – 300 kWh'gacha elektr energiyasi iste’mol qilgan va ular jami iste’molning 19 foizini tashkil qiladi, 301 – 500 kWh'gacha iste’molchilar jami iste’molning 20 foizini iste’mol qilgan. 

«Shuni aytish kerakki, oshib boruvchi tariflar qo‘llanilishi natijasida iste’molchilarning elektr energiyasi tejamkorligi oshdi. Buning natijasida tizimga yuklamalar kamayib, aholining elektr energiyasidan uzilishlari va avariyalar soni ham kamayib bormoqda», – deyiladi xabarda.

  • Ma’lumot uchun, so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida elektr toki uchun belgilangan bazaviy me’yorni bekor qilishga qaratilgan heshteglar ommalashayotgandi.                      
  • Avvalroq, eyelektr energiyasi uchun to‘lovlarda hisobga ikki barobar pul hisoblanayotgani bilan bog‘liq holatlar kuzatildi. Hududiy elektr tarmoqlari buni texnik nosozlik ekanini ma’lum qilgandi.
Ko‘proq yangiliklar: