Yirik soliq to‘lovchi bo‘lishning mezonlari yangilandi. Nimalar o‘zgardi?

O‘zbekiston 17:50 / 08.07.2024 5813

O‘zbekistonda yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlari o‘zgardi. Bu – Soliq qo‘mitasining tegishli qarori bilan tasdiqlandi.

Ma’lumki, aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va aksiz to‘lanadigan xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar yirik soliq to‘lovchilar hisoblanadi. Endilikda nizomning bu bandiga “alkogol va pivo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar bundan mustasno” degan so‘zlar qo‘shildi va ular yirik soliq to‘lovchi deb e’tirof etilmasligi belgilandi.

Shuningdek, sug‘urta tashkilotlari yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilishi mumkinligi e’tirof etildi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ hamda ular ta’sischiligidagi tashkilotlar ham yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritildi.

Avvalgi tartibga ko‘ra, mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan olingan sof tushumi o‘tgan kalendar yil yakuni bo‘yicha 100 mlrd so‘mdan oshgan yuridik shaxslar yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilardi. Endi bu mezon bazaviy hisoblash miqdorining 735 ming baravari miqdorida, ya’ni 249,9 mlrd so‘mga o‘zgartirildi (xodimlar soni o‘rtacha yillik 10 nafardan kam bo‘lmasligi kerakligi ham belgilandi). Bundan paxta-to‘qimachilik klasterlari, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar mustasno.

Shuningdek, mazkur nizom talablari tatbiq etiladigan yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati har yili keyingi soliq davri boshlangunga qadar 3 oydan kechikmay Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi ham belgilanmoqda. Ilgari ro‘yxat bir oydan kechiktirmay Soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanardi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yilda bir qator yirik soliq to‘lovchilarning davlat budjetidagi ulushi keskin qisqargani ma’lum qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: