NATOda Rossiyadan himoyalanish uchun 50 tagacha maxsus brigadalar tuzish rejasi bor - Reuters

Jahon 22:57 / 08.07.2024 5602

AQSh poytaxti Vashington shahrida 9–11 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida alyansga a’zo davlatlar yetakchilari Rossiya tomonidan ehtimolli hujumdan himoyalanish rejalari doirasida 35 tadan 50 tagacha bo‘lgan qo‘shimcha brigadalar tuzishni muhokama qilishadi, deb yozmoqda Reuters o‘z manbalariga tayanib.

Har bir brigadada 3 mingdan 7 minggacha harbiy bo‘ladi, shu sababli 35–50 ta brigadaning yaratilishi «jiddiy qiyinchiliklar» bilan yo‘g‘rilgan, deb yozadi agentlik. Kerakli kadrlar qayerdan olinishi hozircha noma’lum: Yevropaga boshqa mintaqalardan qo‘shinlar ko‘chirilishi, yangi harbiylarni yollash yoki har ikkala yondashuvdan foydalanish ham mumkin.

Alyansning yangi mudofaa rejalarini NATO a’zolari Ukraina va Rossiya o‘rtasida davom etayotgan urush fonida Vilnyusda o‘tgan o‘tgan sammitda tasdiqlab olishgan edi, o‘shandan buyon uni amaliyotga tatbiq etish ustida ish olib borilgan. Agentlik manbasi tafslotlarni keltirmagan, biroq blokning ayni paytdagi ustuvor vazifasi havo hamda raketa hujumidan mudofaa tizimi, uzoqni nishonga oluvchi qurollar, logistika va quruqlikdagi yirik tuzilmalar ekanini sanab o‘tgan.

Xususan, Germaniyada havo hujumidan mudofaa tizimi imkoniyatlarini to‘rt barobarga oshirishga to‘g‘ri keladi, degan Reuters hamsuhbati. Sovuq urush davrida Berlinda 36 ta Patriot ’avo hujumidan mudofaa tizimi bo‘lgan, shunda ham mamlakat ittifoqchilarning yordamiga tayangan. Ukrainaga uchtasi berib yuborilgach, hozir Germaniyada to‘qqizta majmua qolgan. Bundestag yaqinda yana to‘rtta zenit raketa majmuasini buyurtma qilishni ma’qullagan.

GFR Mudofaa vazirligi NATOning rejalarini maxfiylikka ishora qilib, sharhlamagan.

Reuters’ning qayd etishicha, sovuq urushdan so‘ng havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari soni alyansning boshqa a’zolarida ham kelgusida faqat Eron kabi davlatlardan «cheklangan tahdid»lar bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, qisqartirilgan. Biroq, ularning fikri 2022 yilning fevralida o‘zgargan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvada blok davlatlari bilan urushish uchun «na geosiyosiy, na iqtisodiy, na siyosiy, na harbiy manfaat borligi»ni ta’kidlagan. Iyun oyi boshidagi chiqishida u Rossiyaning NATOga hujumi tahdidi haqida ta’kidlayotganlarni «alahsirayotganlar» deb atagan edi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg ham blok «Rossiya bilan urush axtarmayotgani»ni, biroq kelgusi o‘n yilliklar uchun qarama-qarshilikka tayyor turishi kerakligini qayd etgan.

Ko‘proq yangiliklar: