Do‘konda reyd o‘tkazgan poytaxt hokimi, ekologik stikerlar joriy etiladigan muddat, Xatirchidagi fojiaga eltgan tafsilotlar va 4 mlndan oshgan pensionerlar — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
«Aktivist»lik qilgan Toshkent hokimi
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov Yunusobod tumani Sobirobod mahallasida joylashgan do‘konlaridan birida «reyd» o‘tkazdi. U do‘konda aynigan mevalar sotilayotgani bo‘yicha e’tiroz bildirgan.
«Mana nima sotyapti, ahvolini qarang, ko‘ring. Qani SES, soliq, nima sotishyapti bular aholiga? Qayerga qarayapsizlar? Ertaga odamlar zaharlansinmi? [O‘riklar] mog‘orlab yotibdi. Olmalari ham shunday, tagiga suvlarigacha tushib ketgan», – degan shahar hokimi.
Qayd etilishicha, mahallaga tashrif davomida yechim talab qiladigan bir nechta jiddiy kamchiliklarga e’tibor qaratilgan. Jumladan, infratuzilmani rivojlantirishga va aholining xavfsiz harakatlanishiga to‘sqinlik qilayotgan noqonuniy qurilmalar borligi ham aniqlangan.
«Mahalla ko‘chalari chiqindi bilan ifloslanib, sanitariyaga zid sharoitlarni yuzaga keltirmoqda. Chiqindilarni yig‘ish joylari yetishmaydi. Qurilish chiqindilari o‘z vaqtida olib ketilmayotgani hududning tashqi ko‘rinishini yomonlashtirib, harakatlanishga to‘sqinlik qilmoqda.
Mahallada daraxtlarning quruq shoxlari kesilmagan, bu esa, ayniqsa, shamolli ob-havoda shoxlarning odamlarning ustiga tushishi va jarohat olish xavfini keltirib chiqaradi.
Ariqlar chiqindiga to‘la bo‘lib, drenaj tizimlarini ifloslantiradi va yog‘ingarchilik mavsumida suv to‘planishiga olib keladi. Bu suv toshqini va sanitariya sharoitining yomonlashishiga olib kelishi mumkin», – deyiladi hokimlik rasmiy xabarida.
Qayd etib o‘tish lozim, Shavkat Umrzoqovning do‘kondagi chiqishi ijtimoiy tarmoqda katta rezonans keltirib chiqardi. Shaharda jiddiy va yirik muammolar turganida hokim kichik bir do‘kondagi kamchiliklarga o‘ralashib yurgani qattiq tanqid ostiga olindi.
Fojia bilan tugagan shoshmashosharlik
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yosh qiz o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilardan biri 1 yilda 12 marta radarga tushgani ma’lum bo‘ldi.
Haydovchilar fojia yuz bergan kuni 140 km/hʼdan ortiq tezlikda poyga o‘ynab ketayotgan bo‘lgan. Oqibatda yo‘lning Xatirchi tuman tibbiyot texnikumi yonidan o‘tgan qismida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 2016 yilda tug‘ilgan qizaloqni dastlab N.A. mashinasida turtib o‘tgan. So‘ngra F.A. o‘z mashinasida qizaloqni urib-bosib o‘tib ketgan.
Buning oqibatida voyaga yetmagan Sh.Sh. olgan tan jarohatlari tufayli hodisa joyida vafot etgan.
Holat yuzasidan N.A. va F.A.ga Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Voqea sodir bo‘lgan 4R-48 yo‘li davlat ahamiyatiga ega yo‘l bo‘lib, ushbu yo‘lning 127-kilometrida tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan va yo‘l yotiq chiziqlari chizilgan bo‘lgan.
YTH sodir bo‘lgan piyodalar o‘tish joyiga esa 2024 yil 1-chorak yakuniga qadar o‘rnatilishi kerak bo‘lgan tugmali svetofor mablag‘ ajratilmaganligi sababli o‘rnatilmay qolgan.
Xatirchi tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi direktori nomiga Navoiy viloyati YHXB tomonidan joriy yilda 2 marotaba tugmali svetofor o‘rnatish yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan. Taqdimnoma talablari bajarilmaganligi uchun korxona rahbariga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ekologik stiker qachon joriy etiladi?
O‘zbekistonda «Ekologik transport» tizimini joriy qilish kechiktirildi. Vazirlar Mahkamasining 3 iyul kungi qarori bilan, tizim 2025 yilning 1 martdan boshlab yo‘lga qo‘yiladi.
Hukumat qarori bilan barcha toifadagi avtomototransportlarni ekostikerlash muddati bir yilga uzaytirildi. Avvalroq bu tizim shu yil 1 iyunda boshlanishi belgilangandi.
«Ekologik transport» tizimi doirasida, barcha toifadagi avtomototransport vositalarining atmosfera havosiga zararli ta’siri bo‘yicha normativlarga mosligi nazorat qilinadi.
Transport vositalari ekologiyaga zarari darajasidan kelib chiqib «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga bo‘linadi, xuddi shunday, shaharlardagi hududlar ham uchta toifaga ajratilib, atrof-muhitga zarari yuqori avtomobillarning muayyan zonalarga kirishi cheklanadi.
O‘zbekistonda pensionerlar soni 4 mlndan oshdi
2024 yilning 1 may holatiga O‘zbekistonda pensiya oluvchilar soni 3 mln 998 ming 966 kishini tashkil qilgan edi.
Pensiya jamg‘armasining 2024 yil 1 iyun holatiga Pensiya jamg‘armasi hisobida turib pensiya oluvchi fuqarolar soni 4 mln 8 ming 597 nafarga yetgan.
Joriy yilning yanvar-may oylarida 124 ming 184 nafar fuqaroga yangi pensiyalar tayinlangan. Shundan 102 ming 610 nafar fuqaroga yoshga doir, 14 ming 388 nafar fuqaroga nogironlik hamda 7 ming 186 ta oilaga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan.
Eng ko‘p pensionerlar istiqomat qilayotgan hududlar Farg‘ona, Samarqand va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahridir.