O‘zbekistonda tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish oqibatida davlat manfaatlariga 6 oyda 550 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Bu haqda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning olti oy davomida inspeksiya tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar va elektr hamda gaz ta’minoti korxonalari mutaxassislari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 4 537 ta iste’molchisi tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanayotgani aniqlandi. Unga ko‘ra 163,3 mln metr kub tabiiy gaz (249 mlrd 312 mln so‘m) va 220,7 mln kilovatt-soat elektr energiyasidan (300 mlrd 977 mln so‘m) noqonuniy foydalanilishi oqibatida davlat manfaatlariga jami 550 mlrd 290 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Jumladan, 89 ta AGTKSh, 94 ta issiqxona, 94 ta tekstil korxonasi va 2 ta ohak ishlab chiqarish sexlari faoliyatida noqonuniy va qoidabuzarlik holatlari aniqlangan.
Shuningdek, o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida kripto aktiv va mayning faoliyati bo‘yicha elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan 75 ta holat aniqlangan. Ushbu holatlar yuzasidan elektr ta’minoti korxonasi tomonidan jami 81 mlrd 604 mln so‘m miqdori qayta hisob-kitob qilingan.
Iste’molchilar tomonidan energiya resurslaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar bo‘yicha 3 382 ta ma’muriy ish rasmiylashtirilgan. Aniqlangan holatlarning 1 904 tasi elektr energiyasi, 1 478 tasi esa tabiiy gazdan foydalanishda qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgan.
Shuningdek, inspeksiyaning nazorat-kimyo laboratoriyalari tomonidan neft mahsulotlari bo‘yicha olib borilgan sifat nazorati tadbirlari davomida AYoQSh va korxonalardan olingan tahlil na’munalaridan 91 ta holatda 3 mln 789 ming litr neft mahsuloti sifatsizligi aniqlanib, sotuvga chiqarilishi oldi olingan.