Yaponiyaning “Daito Trust Construction” korporatsiyasi qurilish sohasida kadrlar tayyorlashda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abduraxmonov va “Daito Trust Construction” korporatsiyasi prezidenti Kei Takeuchi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Bu haqda Yaponiyaning “Nikkei Shimbun” nashriga tayanib “Dunyo” AA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, uchrashuvda “Daito Trust Construction” korporatsiyasining O‘zbekiston bilan qurilish, arxitektura, investitsiya sohalarida loyihalarni amalga oshirish, qurilish-arxitektura loyihalariga yapon texnologiyalari va investitsiyalarini olib kirish, hamda qurilish-arxitektura va muhandislik sohalarida mamlakatimizda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va ularni yapon korporatsiyasida malakasini oshirish, stajirovkalar tashkil etish va ishga joylashtirish masalalari muhokama qilingan.
Nash joriy yildan boshlab “Daito Trust Construction” qurilish sohasida xorijlik ishchilarni yollashni boshlashini yozgan. Dastlab, kompaniya O‘zbekistondagi davlat universitetlarida tahsil olgan o‘nga yaqin malakali ishchilarni qabul qilishni rejalashtirgan. Ular uchun mahalliy xodimlarga yaratilgani kabi bir xil mehnat sharoitlari yaratiladi.
Qayd etilishicha, joriy yilning sentabr oyida kompaniya O‘zbekistonda nomzodlar bilan suhbat o‘tkazishni rejalashtirgan. Yaponiyaga borgach, o‘zbekistonlik ishchilar olti oy muddat yapon tilini o‘rganadi va bu vaqt ichida kompaniya mamlakat hayotiga moslashish uchun zarur yordamni ko‘rsatadi. 2025 yilning aprel oyidan boshlab ular yaponiyalik mahalliy xodimlar kabi o‘quv dasturlarida ishtirok eta boshlaydi.
O‘zbekistonlik ishchilar uy-joy bilan ta’minlanishi, ular kompaniyaning Tokiodagi filiallarida quruvchi-usta sifatida ishlashi bildirilgan. O‘zbekiston vakillarining asosiy vazifasi to‘rt yil ichida davlat qurilish muhandisligi va arxitekturasi yo‘nalishida 1-darajali malakali ishchi maqomini olish ekanligi aytilgan.