Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida nutq so‘zladi

O‘zbekiston 18:03 / 06.07.2024 6372

So‘zi avvalida O‘zbekiston prezidenti tadbirni yuksak darajada tashkil etagani uchun Ozarboyjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyevga samimiy minnatdorlik bildirdi.

«Sizlar bilan turkiy dunyoning madaniyat poytaxtlaridan biri bo‘lgan Shusha shahrida ko‘rishib turganimizda chuqur ma’no mujassam. Go‘zal Qorabog‘ning durdonasi hisoblangan bu muqaddas shahar Ozarbayjon xalqining so‘nmas jasorati, tengsiz matonati, chin mardlik va birdamligini yaqqol namoyon etgan tarixiy g‘alabaning yorqin timsolidir.

XX asrning buyuk siyosat va jamoat arbobi, mustaqil Ozarbayjon davlatining asoschisi, muhtaram Haydar Aliyev ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, «Shushasiz — Qorabog‘, Qorabog‘siz Ozarbayjon bo‘lmaydi», dedi Mirziyoyev o‘z nutqida.

Mirziyoyev tarixiy adolat qaror topgan va yana Ozarbayjon bag‘riga qaytgan Qorabog‘da hurmatli Ilhom Aliyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga, me’moriy obidalar va madaniy yodgorliklarni qayta tiklash borasidagi mislsiz jonbozlikka kecha bevosita guvoh bo‘lganiga urg‘u berdi.

«Bunday ezgu ishlaringiz yaqin do‘stlar sifatida barchamizga albatta cheksiz quvonch va g‘urur bag‘ishlaydi. Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz va alohida e’tiborimiz bilan ushbu bebaho shahar timsolida butun Qorabog‘ kelgusida abadiy do‘stligimizning chinakam ramziga aylanishiga ishonaman», — dedi Mirziyoyev.

Mirziyoyev O‘zbekiston besh yil muqaddam aynan Ozarbayjon zaminida Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgani, o‘tgan qisqa davrda 30 dan ortiq muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli va keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi.

«Ushbu sammitimiz global xavf va xatarlar ortib, o‘zaro ishonch inqirozi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda. Bunday murakkab vaziyatda azaliy qardoshlik ruhidan kuch olayotgan aloqalarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishni, umumiy yondashuvlarni ishlab chiqishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shu ma’noda, bugungi yig‘ilishimiz «Transport, o‘zaro bog‘liqlik va iqlim harakati orqali barqaror kelajakni bunyod etish» shiori ostida o‘tayotgani dolzarb ahamiyatga ega», dedi Mirziyoyev va ustuvor masalalarni sanab o‘tdi.

Savdo va transport yo‘llarini rivojlantirish

Tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida savdo hajmi barqaror o‘smoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, umumiy o‘zaro tovar aylanmasi hajmi 27 foizga oshgan. Bunday yuqori o‘sish sur’atlari joriy yilda ham kuzatilmoqda.

Mamlakatlar bugungi kunda dunyoning asosiy bozorlariga chiqish hamda Buyuk ipak yo‘lini yangi tarixiy sharoitda qayta tiklash uchun qattiq bel bog‘lagan.

«Albatta, so‘nggi yillarda Tashkilot doirasida bu sohadagi hamkorlikning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda, raqamli tizimlar ishga tushirilmoqda. Natijada Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi muttasil o‘sib bormoqda. Biznes uchun eng ma’qul tariflarni joriy etish ushbu yo‘lakning raqobatdoshligi va jozibadorligini keskin oshirishi shubhasiz.

Biz «Yagona oyna» tizimi yo‘lga qo‘yilishidan, bojxona-chegara o‘tkazish punktlarining uzluksiz ishlashi ta’minlanishidan manfaatdormiz.

O‘tgan hafta Toshkentda tashkil etilgan Turkiy davlatlar logistika markazlari va yuk tashuvchilari alyansini Tashkilotimizning transport sohasidagi kun tartibini shakllantirish va ustuvor vazifalarini amalga oshirishda keng jalb etish maqsadga muvofiqdir.

Tashkilotimiz doirasida Temir yo‘l ma’muriyatlari kengashini tuzish va uning direksiyasini Toshkent shahrida joylashtirish haqidagi taklifimizni ma’qullaysizlar, deb ishonaman.

Topshiriq bersak, navbatdagi sammitimizga qadar savdo va transport vazirlarimiz xalqaro koridorlar imkoniyatlaridan yanada unumli foydalanish va avtotashuvlarni to‘liq raqamlashtirish, «yashil» yo‘laklar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni birgalikda ishlab chiqadi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqlim o‘zgarishlariga qarshi birgalikda kurashish

Tashkilot hududi iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri ekanligi urg‘ulandi.

«Mavjud muammolarni tizimli hal etish uchun bizning tashabbusimiz asosida vazirlar darajasida Turkiy ekologiya kengashini tuzish taklifini ma’qullaysizlar, deb ishonaman. Mazkur tuzilma qarorgohini ekologik ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud — Orolbo‘yidagi yirik shahar Nukusda joylashtirish ayni muddao bo‘lar edi.

Shu o‘rinda turkiy dunyo bugungi kunda iqlim bo‘yicha xalqaro hamkorlikda o‘zining yuksak o‘rni va baland ovoziga ega bo‘lib borayotganini alohida g‘urur bilan ta’kidlamoqchiman.

Joriy yilning noyabr oyida Bokuda o‘tkaziladigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining XXIX Iqlim sammiti (COP-29) barcha mamlakatlarimiz uchun ulkan tarixiy voqea bo‘ladi.

Iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha dunyo yetakchilari sammiti muvaffaqiyatli o‘tishiga chin dildan tilakdoshmiz. Biz mazkur nufuzli anjumanda faol ishtirok etishga va bu borada Ozarbayjonga har tomonlama ko‘maklashishga tayyormiz», — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Muqobil energetika

Mirziyoyev O‘zbekistonda 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini keskin oshirish va energetika balansida ularning ulushini 40 foizga yetkazish maqsad qilinganini ta’kidladi.

«Sheriklarimiz bilan birga yiliga 2 gigavatt quvvatdagi yangi shamol va quyosh elektr stansiyalarini ishga tushirmoqdamiz. Ushbu loyihalar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda.

Qo‘shni Qirg‘izistonda gidroelektr stansiyalarini Qozog‘iston bilan birgalikda qurish ishlarini ham boshlayapmiz.

Muqobil energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida «Yashil energetika sari turkiy harakat» konsepsiyasini qabul qilishning vaqti-soati keldi, deb o‘ylayman.

Turkiy dunyo xalqlari o‘z taraqqiyotining turli davrlarida umumbashariy sivilizatsiya rivojiga mislsiz hissa qo‘shganlar.

Nomlarini jahon ahli yaxshi biladigan ulug‘ alloma va ulamolarimiz ikkita buyuk Renessansga asos solishgan. Bu azal-azaldan xalqlarimiz hayotida inson kapitali naqadar yuqori bo‘lganidan darak beradi.

Biz zamonaviy «bilimlar iqtisodiyoti»ni qurish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish uchun raqamli texnologiyalar, blok-cheyn, bulutli, kvant hisoblash texnologiyalari, robototexnika, «to‘rtinchi sanoat» kadrlarini tayyorlash sohalarida hamkorlikni kuchaytirishdan manfaatdormiz. Buning uchun Turkiy davlatlar tashkilotining Inson kapitalini rivojlantirish ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha tashabbusni ilgari suramiz va uni yurtimizda joylashtirishga tayyormiz.

Tashkilot shafeligida aniq fanlar bo‘yicha Yoshlar turkiy olimpiadasi va Butunjahon turkshunoslar kongressini tashkil etishni hamda ularni kelgusi yili O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etamiz», — dedi Mirziyoyev.

G‘azo va Afg‘oniston haqida

Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi mojaroni ham e’tborni jalb etdi. G‘azoda to‘qqiz oydan buyon kechayotgan qonli urush oqibatlari odamlarni chuqur qayg‘u va iztirobga solayotganini tak’kidladi.

«To‘qnashuvlar 40 mingga yaqin aholi, ayniqsa, ayollar va bolalar hayotiga zomin bo‘lganini hech bir sabab va bahona bilan oqlab bo‘lmaydi.

Biz zo‘ravonliklarni zudlik bilan to‘xtatishga, tinchlik jarayonlarini tezroq boshlashga chaqiramiz.

Mustaqil va ozod Falastin davlatining tashkil etilishi Yaqin Sharqda strategik barqarorlik va tinchlikni ta’minlashning eng asosiy shartidir», — dedi Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti jahonning boshqa mintaqalarida urush va mojarolar kuchayib borayotgani oqibatida ko‘p millionli turkiy xalqlar istiqomat qilayotgan Afg‘onistondagi vaziyat xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolib ketayotganini ta’kidlab o‘tdi.

«O‘zbekiston afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatishni bundan buyon ham davom ettiradi.

Afg‘onistonning xorijdagi «muzlatilgan» moliyaviy aktivlarini qaytarish mamlakatdagi ijtimoiy vaziyatni yumshatishga xizmat qilishiga ishonamiz.

Yangi voqelik sharoitida Afg‘oniston masalasi bo‘yicha Tashkilotimiz a’zolarining umumiy va yakdil yondashuvlarini ishlab chiqish masalalari tashqi ishlar vazirlarimiz muloqotlarida asosiy muhokama mavzusi bo‘lishi lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mirziyoyev yig‘ilishda ilgari surilgan barcha taklif va tashabbuslar «Turkiy nigoh–2040» konsepsiyasi hamda Samarqand shahrida qabul qilingan Turkiy davlatlar tashkilotining besh yillik strategiyasi mazmuniga mos va uyg‘un ekanlishini ta’kidlab, anjuman kun tartibiga kiritilgan Qorabog‘ deklaratsiyasining imzolanishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Ko‘proq yangiliklar: