Shavkat Mirziyoyev Mas’ud Pizishkiyonga Eron Islom Respublikasi prezidenti etib saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbari o‘z maktubida mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli sheriklik barcha ustuvor yo‘nalishlarda yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga ishonch bildirgan.
“Biz katta salohiyat va imkoniyatga ega bo‘lgan, so‘nggi yillarda jadal rivojlanib borayotgan davlatingiz bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni bundan buyon ham izchil va samarali kengaytirishdan manfaatdormiz”, degan prezident o‘z maktubida.
Eslatib o‘tamiz, etnik ozarboyjon Mas’ud Pizishkiyon Eronning saylangan to‘qqizinchi prezidentiga aylanadi. U 16,4 mln eronliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Uning raqibi Konservatorlar qanotidan nomzod Said Jaliliy 13,5 mln ovoz olgan.