Qiziltepada “zamhokim”ning bosimi bilan ovoz to‘plangan loyihalarning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?

O‘zbekiston 11:40 / 06.07.2024 5983

Joriy yildagi “Tashabbusli budjet”ning birinchi mavsumida Navoiy viloyati Qiziltepa tumani “zamhokim”ining qo‘shtirnoq ichidagi vatanparvarligi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi. U Zoom orqali o‘tkazilgan onlayn majlisda tumandagi tashkilot rahbarlariga kechgacha 50 tadan ovoz yig‘ishni buyurgan, aks holda kim bo‘lishidan qat’i nazar ishdan bo‘shatib yuborish bilan tahdid qilgandi

Shundan so‘ng, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya holat yuzasidan o‘rganish ishlari boshlanganini ma’lum qildi. Prokuratura va mehnat inspeksiyasi o‘tkazgan o‘rganishda hokim o‘rinbosarining harakatlarida huquqbuzarlik aniqlanib, unga nisbatan MJtKning 51-moddasi 1-qismi bilan jarima jazosi tayinlangandi.

Qiziltepadagi tashabbuslarning keyingi taqdiri nima bo‘ldi?

Joriy yilning 8 aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qiziltepa tumani hokimligiga xat bilan murojaat qilib, majburiy tarzda ovoz to‘plangan loyihalarga aniqlik kiritish hamda 1 kun ichida vazirlikka ma’lumot taqdim etish bo‘yicha so‘rov jo‘natgandi. O‘z navbatida, maskur hududdagi g‘olib loyihalarning e’lon qilinishi kechiktirilgandi.

6 iyul holatiga ko‘ra, birinchi mavsum yakunlari bo‘yicha Qiziltepa tumani bo‘yicha g‘oliblar hali ham e’lon qilinmagan.

IMV axborot xizmati Kun.uz’ga holat bo‘yicha qushimcha izoh bera olmasligini bildirdi. Qiziltepa tuman hokimligi axborot xizmati esa mansabdor shaxs tegishli tartibda jazolangani va majburiy tarzda ovoz to‘plangan loyihalarga aniqlik kiritilib, ko‘zda tutilgan muddat ichida vazirlikka javob xati yuborilganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Qiziltepa tumaniga “Tashabbusli budjet”ning 2024 yildagi 1-mavsumi uchun jami 17 mlrd 160 million 92 ming so‘m pul ajratilgan. Bu maksimum belgilangan mablag‘ – 1 mlrd 360 mlnlik 13 taga yaqin tashabbusni amalga oshirish uchun yetadi. Ammo eng ko‘p ovoz to‘plagan tashabbuslarning kamida beshtasida hokimlikning bevosita yoki bilvosita noqonuniy aralashuvi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Xalq pulini xalqqa zarur ishlarga sarflash kerak. Qiziltepadagi hokimiyat majburlovi bilan ovoz to‘plangan loyihalar esa bekor qilinib, pul mablag‘lari keyingi o‘rinlardagi, odamlarga chindan kerak bo‘lgan loyihalarga sarflanishi adolatdan bo‘ladi. Ammo oradan 3 oy vaqt o‘tgan bo‘lsada, ma’sullar bu masalaga e’tibor qaratgani yo‘q. “Tashabbusli budjet”ning keyingi mavsumlarida bu kabi holatlar takrorlanmasligi uchun ham keskin va qat’iy choralar ko‘rilishi lozim.

Ko‘proq yangiliklar: